Saudiya Arabistonining "Al Ittihod" klubi vingeri Mussa Diabi faoliyatini "Inter"da davom ettirishi mumkin. Bu haqda Gazzetta dello Sport nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, "neradzurri" fransiyalik 27 yoshli futbolchi uchun kurashga qo'shilgan. Diabiga uning sobiq klubi "Bayer" ham qiziqish bildirib kelmoqda.
Qayd etish joizki, u 2019–2023 yillarda aynan Leverkuzen jamoasi sharafini himoya qilgan.
"Inter" Diabini dastlab bir mavsumga ijaraga olish, shartnomaga esa futbolchini keyinchalik 35 million yevro evaziga sotib olish opsiyasini kiritishni rejalashtirmoqda. Biroq "Al Ittihod"ning pozitsiyasi transferni murakkablashtirmoqda. Avvalroq saudiyaliklar shu kabi taklifga rozi bo'lmagani haqida ham xabarlar tarqalgan.
Mussa o'tgan mavsumda Jidda klubi safida barcha turnirlar doirasida 43 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol va 15 ta golli uzatma qayd etgan.
Futbolchining Saudiya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo'ljallangan.