Live
3
O'zbek

Jahongir O'rozov: "Rubin aniq taklif bilan chiqdi va ular oxirigacha turishdi"

Eksklyuziv
9 avgust, 05:39
Tribuna.uz nashri legionerga aylangan futbolchimiz bilan birinchi bo'lib suhbat uyushtirdi.
Jahongir O'rozov: "Rubin aniq taklif bilan chiqdi va ular oxirigacha turishdi"
Фото: Rubin FC

Xabaringiz bor, yaqinda Qozonning "Rubin" klubi o'zbek futbolchisi, hamyurtimiz Jahongir O'rozov bilan shartnoma imzoladi. Bunga qadar Samarqandning "Dinamo"sida faoliyat olib borgan himoyachi yaqinda bo'lib o'tgan jahon chempionatida O'zbekiston milliy jamoasi safida ishtirok etdi. Aynan shundan so'ng O'rozovga chetdan takliflar ko'paya boshladi va yakunda "Rubin" varianti tanlandi.

Legionerga aylangan Jahongir O'rozov yangi jamoasining yangi a'zosi sifatida u yerdagi faoliyatini boshladi.

Odatga ko'ra, Tribuna.uz nashri legionerga aylangan futbolchimiz bilan birinchi bo'lib suhbat uyushtirdi.

- Jahon chempionatiga borgan Jahongir O'rozov bilan "Rubin"ga o'tgan Jahongir O'rozov o'rtasida qanday farq bor? JCHdan keyin sizda nimadir o'zgardimi?

- Avvalambor, Assalomu alaykum! Savolingizga keladigan bo'lsak, hech qanday farqi yo'q.

- Jahon chempionatidan keyin Yevropadan takliflar bo'lganini aytgandingiz. O'sha takliflar orasida qaysi klub yoki chempionat sizga eng qiziq tuyuldi?


- Taklif ko'p edi. Aniq taklif bilan chiqqan jamoa oxirigacha aniq taklifida turgani "Rubin" bo'ldi va bu chaqiruvni qabul qildim.

- Agar Yevropa variantlari bo'lgan bo'lsa, nega aynan "Rubin"ni tanladingiz? Qaroringizda hal qiluvchi omil nima bo'ldi?

- Aytiib o'tganimdek, "Rubin"ning taklifi aniq edi.

- Avvaliga "Rubin" varianti bo'yicha turli gaplar bo'ldi, keyin esa baribir Qozon klubini tanladingiz. Qaroringizni o'zgartirishga nima sabab bo'ldi?

- Yevropani kuchli chempionatidan taklif kutdim. Sababi, agentlarim shoshilmaslikni aytishdi. Shuning uchun "Rubin" bilan muzokaramizni to'xtatib turgandik.

- Ochiq aytaylik: "Rubin" siz uchun Yevropaga olib boruvchi ko'prikmi yoki Qozon klubida uzoq muddat qolib, o'zingizni ko'rsatishni istayapsizmi?


- "Rubin" jamoasi ham o'z o'rniga ega kuchli klub. Bu yerdan ko'plab futbolchilar xorijga yo'l olishmoqda. Albatta, men uchun ham ko'prik vazifasini o'taydi, deb o'ylayman.

- "Rubin"da sizga ishonch bildirilyapti. Bu sizga qo'shimcha bosim beradimi? "Bu yerda o'zimni albatta isbotlashim kerak", degan fikr bormi?

- Aksincha, bosim bo'lmaydi. Jamoa juda ham ahil ekan. Bu o'z o'yinimni isbotlashim uchun yaxshi imkoniyat.

- Jahon chempionatidagi o'yinlaringizdan keyin o'zingizga baho bersangiz, qaysi jihatingiz Rossiya darajasi uchun tayyor, qaysi tomoningiz hali ustida ishlashni talab qiladi?

- Futbolchi har doim o'z ustida ishlasa muvaffaqiyat yonma-yon yuradi, qaysi chempionatda bo'lishidan qat'i nazar o'zingizga ishonasiz.

- "Dinamo"ni tark etishingiz qanday bo'ldi? Bu borada sizga eng og'iri nima edi?

- "Dinamo" yaxshi jamoa, murabbiy ham yaxshi. Lekin muhitni o'zgartirishim, kuchli chempionatda o'ynashim kerak edi. "Dinamo"dagi barchaga rahmat aytaman.

- "Rubin" bosh murabbiyi bilan uchrashdingizmi? Suhbat qanday o'tdi?


- Jamoa bilan mashg'ulotlarda qatnashyapman. Barchasi ko'ngildagidek.

- Turkiyadagi avvalgi xorijiy tajribangizdan keyin endi yana legionerga aylandingiz. O'sha davrdan keyin qanday xulosa chiqardingiz?

- Albatta, muxlislar "Rubin"da yaxshi ishtirokimni ko'rishadi, Xudo xohlasa.

- "Dinamo"da sizga ishonch bildirildi, milliy jamoa bilan jahon chempionatiga bordingiz. Endi "Rubin"da ishonchni noldan qozonishingiz kerak. Bu faoliyatingizdagi eng qiyin bosqich bo'ladimi?

- Albatta, oson bo'lmaydi, yangi chempionat. Ammo o'zimga ishonmasam xorijda to'p surish uchun kelmas edim.

- Jahon chempionatida maydonga birinchi bor tushgan paytingizda xayolingizdan birinchi nima o'tdi? O'sha lahzada "men katta futbolga keldim", degan his bo'ldimi?

- Milliy jamoadagi bosim har bir futbolchida bo'lishi mumkin. Lekin Vatan sha'ni turganda hayajon bo'lishi mumkin emas.

-. Bugun O'zbekiston futbolchisi sifatida "Rubin"dasiz. Sizga faqat o'zingizni emas, balki o'zbek futbolchilarining darajasini ham ko'rsatish mas'uliyati yuklanganini his qilyapsizmi?

- Albatta, his qilaman. O'zbek futbolchilari bundan-da kuchli chempionatda o'ynay oladi va o'ynab yurishibdi ham. Xavotir olmasangiz bo'ladi, maydonga tushganda har doim mas'uliyatni his qilaman.

- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz?

- 13-raqam.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

10+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar