Niderlandiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jouey Vermanning faoliyatini Germaniya Bundesligasida davom ettirishi rasman tasdiqlandi. 27 yoshli markaziy yarimhimoyachi PSVdan Dortmundning «Borussiya»siga o‘tdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.
Verman Dortmund klubi bilan 2031 yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Niderlandiyalik futbolchi yangi jamoasida 25-raqam ostida to‘p tepadi.
«Dortmundning «Borussiya»si Yevropadagi eng yirik klublardan biri va endi uning bir qismiga aylanganimdan faxrlanaman. Bu yerda ekanimdan juda xursandman va «Borussiya D» bilan birgalikda muvaffaqiyatlarga erishishni intiqlik bilan kutyapman», — dedi Verman shartnoma imzolaganidan so‘ng.
Ma’lumot uchun, Verman o‘tgan mavsum barcha turnirlarda 41 ta bahsda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 15 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, futbolchi PSV safida 2022 yildan buyon to‘p tepib kelayotgandi.