Superligada 14-tur o‘yinlari boshlanish arafasida turibdi. Jumladan, 26-29 iyul oralig‘ida 8 ta juftlikka guvoh bo‘lamiz.
Har bir o‘yin qiymati baland, hech bir klub osonlikcha ochko berib qo‘ymayotgani yo‘q. Shuningdek, vodiya derbisi doirasida «Neftchi» - «Navbahor» uchrashuvi barchaning diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Taniqli mutaxassislardan biri Bahrom Haydarov 14-tur oldidan jamoalarning imkoniyatlarini baholab chiqdi.
26 iyul.
20:00. «Bunyodkor» - «Paxtakor»
- «Bunyodkor»ning hozirgi holatini hisobga olsak, muammolari juda ko‘p, asosiysi moliyaviy muammo. Yosh o‘yinchilarga ko‘proq ishonch bildirilmoqda. Katta ta'sir qilishi mumkin. «Paxtakor»ga kelsak, chempionlik uchun kurashyapti. Jamoa yozgi tanaffusdan keyingi o‘yinda «Lokomotiv» bilan durang o‘ynab qo‘yib, «Neftchi»ni biroz o‘tkazib yubordi. Shuning uchun «Paxtakor»ni ochko yo‘qotishiga haqqi yo‘q. Baribir bu Toshkent derbisi. «Bunyodkor» ham kurashadi. 40\60 foiz hisobida «Paxtakor» foydasiga, deb o‘ylayman.
27 iyul.
20:00. «Andijon» - «Buxoro»
- Ikkalasi ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishyapti. Mavjud tanaffusdan foydalanib hamma jamoa yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi, deb o‘ylayman. Lekin «Andijon»ni o‘z uyida «Surxon»ga qarshi o‘yini biroz omadsizlikka uchradi. «Buxoro» bundan oldin «Neftchi» va «Bunyodkor»ga qarshi yaxshi o‘yinlar ko‘rsatdi. Biroq «Andijon»ni o‘z uyida hamda ashaddiy ishqibozlari qarshisida o‘ynashini hisobga olsak, ularda imkoniyat ko‘proq, foizda 55\45. Minimal hisobda «Andijon» yutsa kerak.
20:00. OKMK – «Mash’al»
- «Mash’al» imkoniyati boricha «Qo‘qon-1912» hamda «Nasaf»ga qarshi o‘ynadi. Biroq OKMKni ikkita o‘yinini ko‘rdik. Yozgi tanaffusdan yaxshi foydalanganligi ko‘rinib turibdi. O‘yinchilar mahorati borasida ham muborakliklar bilan katta farqi bor. «Mash’al»ni ikkita uchrashuvda juda ko‘p emotsiya yo‘qotganini hisobga olsak, 70\30 OKMK foydasiga deb o‘ylayman.
20:00. «Lokomotiv» - «So‘g‘diyona»
- Yil boshidan beri «Lokomotiv» Yelichich boshchiligida yaxshi natijalar ko‘rsatib kelyapti. O‘rtamiyona jamoadan kuchliroq klubga aylantira oldi, hozircha. «So‘g‘diyona»ning ahvoli chatoq edi. Bakaev biroz o‘nglagandek bo‘ldi. Biroq oxirgi turda «Neftchi»ga qarshi o‘yinda jamoani hali muammolari ko‘pligini ko‘rsatib berdi. Adashmayotgan bo‘lsam, «So‘g‘diyona» safarda «Lokomotiv»ga qarshi yaxshi o‘ynaydi. O‘tgan turda toshkentliklar «Andijon»ga qarshi yaxshi o‘yin o‘tkazdi, albatta so‘nggi 15-20 daqiqani hisobga olmasak. Nazarimda, 60\40 foiz hisobida toshkentliklar g‘alaba qozonadi.
28 iyul.
20:00. «Nasaf» - «Qizilqum»
- «Nasaf» uyida barqaror jamoa. «Qizilqum»ni bilib bo‘lmayapti, bir yaxshi o‘ynayapti, bir buning aksi. Barqarorlik yetishmayapti. O‘tgan turda navoiyliklar mehmonda «Navbahor»ga qarshi durang qayd etishdi. O‘yinchilar ketadi-keladi. Shunga qaramay, Ro‘ziqul Berdiyevni salohiyati har qanday o‘yinchilar bilan ham «Nasaf»ning mavqeini ushlab turibdi. Baribir etakchilar qatorida hisoblanadi. 70\30 qarshiliklarda imkoniyat kattaroq.
20:00. «Xorazm» - «Surxon»
- «Xorazm»ni ko‘ryapmizki, o‘yin jihatidan barqaror. «Paxtakor»ga qarshi ham va keyingi turda ham yaxshi o‘ynadi. «Surxon»da ko‘proq yosh tarkib. Bunday jamoa qaysidir o‘yinda o‘yini chiqib qolsa yutib olishi mumkin. Ularga ham «Qizilqum»ga o‘xshab barqarorlik yetishmayapti. Bunday yoshlar o‘yinni qanday boshlasa, shunday davom ettirishadi. «Xorazm» o‘zini muxlislari oldida o‘ynaydi. 60\40 va menimcha mezbonlar yutsa kerak.
20:00. «Neftchi» - «Navbahor»
- Har qanday holatda ham vodiya derbisi shiddatli o‘tadi. Lekin bugungi holatni oladigan bo‘lsak, «Neftchi» juda kuchli. Jamoalar bilan uchrashuvlarida katta farq bo‘lyapti. Chunki ular bir xil ikkita teng tarkibga ega. Zaxirasi ham kuchli. Shu bois bemalol tarkibda rotatsiyalar qila olishyapti. Albatta, qattiq o‘yin bo‘ladi. Ammo «Neftchi» g‘alaba qozonadi – 60\40.
29 iyul.
20:00. «Dinamo» - «Qo‘qon-1912»
- «Dinamo»ni oxirgi ikkita o‘yini ko‘rdik. Jahon chempionatigacha bo‘lgan o‘yinlar davomida nostandart o‘tkazdi, o‘ziga o‘xshamadi. Ko‘plab omadsizliklar bo‘ldi. Lekin tanaffus ular uchun yaxshi tomonga xizmat qildi, deb o‘ylayman. Ikkita uchrashuvni bir xil tempda va bir xil saviyada o‘tkazdi. Hozirgi kundagi «Qo‘qon-1912»ning ahvoli achinarli. U yerda nima bo‘layotgani, bilmayman. Menimcha, o‘yin jihatidan tarqoqlanib ketganga o‘xshayapti. Shuning uchun «Dinamo» bemalol g‘alaba qozonsa kerak – 70\30.
«Berdiyev har qanday o‘yinchilar bilan ham «Nasaf»ning mavqeini ushlab turibdi» - 14-tur oldidan Bahrom Haydarov nimalar dedi?
Futbol
26 iyul, 02:18
Superliga bellashuvlari 26 iyul kuni start olib, 29 iyul kuni yakuniga yetadi.
Фото: Қўқон-1912 ПФК