«Lans» darvozaboni Robin Risser faoliyatini Germaniya chempionatida davom ettirishi mumkin. Bu haqda TuttoMercatoWeb nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «Bavariya» 21 yoshli fransiyalik darvozabon uchun asosiy da’vogarga aylangan. Klub uni kelasi yil yozida futbolchilik faoliyatini yakunlashi kutilayotgan Manuel Noyerga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Qayd etilishicha, Myunxen klubi qishda Risserni «Lans»dan to‘liq sotib olib, mavsum oxirigacha shu jamoada ijara asosida qoldirish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Fransiya klubi Robin bo‘yicha yaxshi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Barchasi da’vogar jamoaning taklif qiymatiga bog‘liq.
Ma’lumot uchun, Risser «Strasburg» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U «Dijon», «Red Star» va «Lans» jamoalarida to‘p surgan. Shuningdek, Fransiya milliy jamoasiga ham jalb etilmoqda.