«Barselona» klubi qishki transfer oynasida «Bavariya» himoyachisi Jonatan Ta bilan shartnoma imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Sky Germany jurnalisti Florian Plettenbergning ma’lum qilishicha, kataloniyaliklar 29 yoshli futbolchi bo‘yicha dastlabki so‘rov yuborgan.
«Barselona» sport direktori Deko yosh Pau Kubarsiga sherik bo‘la oladigan tajribali markaziy himoyachini qidirmoqda. Jonatan Ta nomzodi ushbu talablarga mos keladi.
Bundan tashqari, futbolchining agenti Pini Zaxavi kataloniyaliklar prezidenti Joan Laporta bilan yaxshi munosabatlarga ega.
Biroq germaniyalik himoyachining o‘zi «Bavariya»ni tark etishni rejalashtirmayapti. U faoliyatini jamoada uzoq vaqt davom ettirish haqida o‘ylamoqda.
Ma’lumot uchun, futbolchining amaldagi shartnomasi 2029-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.