"Atletiko" klubi "Sporting" yarimhimoyachisi Morten Yulman uchun asosiy da'vogar bo'lib qoldi. Bu haqda Marca xabar tarqatdi.
Manbaga ko'ra, klubning sport direktori Mateu Alemani dastlab "Vulverhempton" futbolchisi Joau Gomes transferini yakunlashga yaqin kelgan edi. Biroq Bernardu Silva bo'yicha amalga oshmay qolgan kelishuv ortidan agent Jorge Mendesh bilan munosabatlar murakkablashgani sababli muzokaralar to'xtatildi.
Shundan so'ng "Atletiko" e'tiborini Morten Yulmannga qaratdi. Bosh murabbiy Diego Simeone daniyalik 27 yoshli yarimhimoyachining o'yinini yuqori baholamoqda va klub rahbariyati yaqin haftalarda rasmiy taklif bilan chiqish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda.
Transfermarkt ma'lumotiga ko'ra, uning bozor qiymati taxminan 45 million yevroni tashkil etadi.