Madridning «Atletiko» klubi va Londonning «Arsenal» jamoasi hujumchilar Xulian Alvares hamda Viktor Gokeresh transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda El Chiringuito TV xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «to'pchilar» argentinalik hujumchi Xulian Alvares transferi uchun 50 million yevro to‘laydi. Bundan tashqari, shvetsiyalik forvard Viktor Gokeresh ham bitimning bir qismiga aylanib, Madrid klubiga yo‘l oladi.
Qayd etilishicha, «Atletiko» bosh direktori Xil Marin «Barselona» prezidenti Joan Laporta bilan bog‘lanib, Alvares kataloniyaliklar safiga o‘tmasligini shaxsan ma’lum qilgan.
26 yoshli Alvares o‘tgan mavsum barcha turnirlarda 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, 20 ta gol va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Argentinalik hujumchining «Atletiko» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 100 million yevroga baholamoqda.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, yozgi transfer oynasining eng yirik bitimlaridan biriga aylanishi mumkin.