Proliga 11-turida «Sho‘rtan» Nukusda «Orol»ga (1:3) yutqazib qo‘ydi. O‘yindan so‘ng guzorlilar bosh murabbiyi Asror Aliqulov o‘z fikrlarini bildirdi.
«Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida turnir jadvalida «Orol» jamoasi 1-o‘rinda, biz esa 2-o‘rinda ekanligimizni bilardik. Bugungi bellashuvda ularning ochkolar bo‘yicha uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi. Ammo afsuski, rejalarimiz amalga oshmadi. Birinchi golni standart vaziyatdan o‘tkazib yubordik. Shundan so‘ng hisobni tenglashtirgandek bo‘ldik, ammo golimiz inobatga olinmadi. Bu vaziyatni hali qayta ko‘rganimiz yo‘q. Keyinchalik ikkinchi raqam ostida harakat qilib, qarshi hujumlardan foydalanishimiz kerak edi. Ammo xatoga yo‘l qo‘ydik va «Orol» bizni qarshi hujumda jazoladi. Hatto ular yana gol urishlari ham mumkin edi. Bugun sun'iy qoplamali maydonda o‘ynadik, ammo o‘z futbolimizni namoyish eta olmadik. Futbolchilar yakkakurashlarda ham yutqazishdi. Natijada bu maydonda «Orol»ga qarshi o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmaganimiz ayon bo‘ldi.
— Bugungi uchrashuv amalda 6 ochkolik bahs edi. Oradagi bir yarim oylik tanaffus davomida tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi. Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik qanday kechdi?
— Tayyorgarlik jarayonida maydon omili, raqibning hujum chizig‘i, standart vaziyatlardan foydalanishi hamda futbolchilarning joylashuviga alohida e'tibor qaratdik. Afsuski, shunga qaramay, aynan standart vaziyatdan gol o‘tkazib yubordik. Sun'iy qoplamali maydonda to‘pning harakati tabiiy maydondagidan farq qiladi. Shu omillar sabab ayrim vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘ydik. Havodagi kurashlarda ham imkoniyatni boy berdik. Mezbonlar himoyada juda tartibli harakat qilishdi. Fursatdan foydalanib, «Orol» jamoasini bugungi g‘alaba bilan tabriklayman.
— Hozir transfer oynasi ochiq. 10 avgustga qadar jamoada yana yangi futbolchilar paydo bo‘lishi mumkinmi?
— Proligada barcha jamoalar tarkibini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Transfer oynasidagi eng muhim vazifa – futbolchi tanlashda adashmaslik. Malakali futbolchi turli bosimlar ostida ham o‘z o‘yinini namoyish eta oladi. Bugun biz hujum tashkil qilayotganimizda, «Orol» futbolchilari qo‘pollik evaziga bo‘lsa ham hujumlarimizni to‘xtatishdi. Qolgan futbolchilari esa tezda ortga qaytib, bo‘sh zonalarni yopishdi. Natijada ular bizga hujumni rivojlantirish imkonini bermadi.
Bizga ham yosh, kurashuvchan va tez qaror qabul qila oladigan futbolchilar kerak. Bu borada ish olib boryapmiz. Hujumchilarimiz ham bugun o‘z imkoniyatlaridan foydalana olishmadi. Mezbonlarning himoyachilari bo‘ydor va juda tartibli o‘yin namoyish etishdi. Balki bugun hujumlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, boshqacha usulda tashkil etishimiz kerak edi.
— O‘yinda kuzatildiki, birinchi goldan keyin ham, ikkinchi bo‘limda ham uzatmalar asosan yuqoridan amalga oshirildi. Bu maydon holati bilan bog‘liq qarormi yoki jamoaning taktik rejasi shunday edimi?
— O‘rta chiziqda to‘pni yo‘qotishimiz ikkinchi golni o‘tkazib yuborishimizga sabab bo‘ldi. Biz futbolchilarga asosan qisqa paslar orqali va markaziy hududda tavakkal qilmasdan o‘ynashni uqtirgan edik. Chunki «Orol»ning yuqori pressing qo‘llashini bilardik. Bunday vaziyatda to‘pni yo‘qotish raqib qanot futbolchilariga keng imkoniyat yaratadi. Bugun qanot va markaziy himoyachilarimiz ayrim vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Uzatmalardagi aniqlik yetishmagani esa hujumlarni sifatli tashkil etishimizga to‘siq bo‘ldi», — deya Aliqulovning so‘zlarida keltiradi «Sho‘rtan» matbuot xizmati.