Bahs yakunlangach, mehmonlar bosh murabbiyi Andrey Shipilov jurnalistlar savollariga javob berdi.
«Maksimum vazifani bajardik, bu yerga keldik va uch ochkoni qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘l oldik. Yana nimadir deyishim ortiqcha, nazarimda. Bevosita jamoaning o‘yinidan ham qoniqdim. Ikkita gol urdik va o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yubormadik. Bu butun jamoaning g‘alabasi. Ta’kidlab o‘tishim kerak, bugun oson o‘yin bo‘lmadi. Raqib tarkibida ham kuchli va mahoratli futbolchilar jamlangan. To‘g‘ri, «Metallurg» Proligada ishtirok etyapti, ammo jamoa ancha yaxshi shaklangan. Shuningdek, tarjibali murabbiylar shtabi boshqarayotganini ham ta’kidlashim lozim. Jamoaning ichida nimalar bo‘layotganini bilmayman, ular Superligaga shu yil qaytishmoqchimi yoki keyingi mavsumdami, ammo bu Superliga darajasidagi jamoa deb bemalol ayta olaman.
Biz endi ta’tilga chiqamiz. Rejamizda bir nechta pozitsiyalar bo‘yicha transferlar bor va shu borada ishlashimiz kerak. Bugun ajoyib o‘yin ko‘rsatdik va ta’tilga yaxshi kayfiyatda chiqib ketamiz.
Guruhdagi raqiblar ichida «Orol» bilan bahs eng qiyini bo‘ldi deya olaman. Avval ham aytganimdek Nukusda juda qiynaldik. U yerdagi maydon sifati... Bizni issiq havo harorati va sun’iy maydon qiynadi, deb ayta olaman», - deya Shipilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.