«Napoli» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Chempionlar ligasi doirasida «Portu»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan jamoasining hozirgi holati haqida fikr bildirdi.
«Bizga kerakli natijaga erishish imkonini beradigan ayrim mayda detallar yetishmayapti. Italiya chempionatidagi beqarorligimiz ham buni tasdiqlaydi. Chempionlar ligasida dastlabki ikki uchrashuvda mag‘lub bo‘ldik, keyin esa o‘z maydonimizda «Budyo-Glimt»ni mag‘lub etdik. Biroq, menimcha, Chempionlar ligasida ertangi o‘yin va undan keyingi «Manchester Siti»ga qarshi bahs natijasidan qat’i nazar, barchasi o‘z qo‘limizda. 10 ochko bilan pley-offga chiqish mumkin va bu biz uchun yaxshi natija bo‘lardi.
Italiya chempionatida esa ortda qolmoqdamiz. Yo‘qotilgan ochkolarni bitta o‘yinda qaytarib olishning imkoni yo‘q.
Ertaga yaxshi o‘yin ko‘rsatishimiz, keyin «Lasio»ga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Shundan so‘ng terma jamoalar o‘yinlari uchun yuzaga keladigan tanaffusdan unumli foydalanib, imkoni boricha ko‘proq futbolchilarimizning tiklanishiga erishishimiz va tarkibni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz lozim», — deya Allegrining so‘zlarini keltiradi Sky Sport Italia.