Superliganing 13-turida voha derbisi doirasida «Mash'al» hamda «Nasaf» o‘zaro kuch sinashishdi va ushbu bahsda g‘olib aniqlanmadi – 1:1.
Bu esa oxirgi o‘rinda borayotgan «Mash'al» uchun g‘alabaga teng durang. Albatta, «Nasaf» ikki ochkoni yo‘qotdi.
Mazkur o‘yindan so‘ng qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
- Albatta, biz ochko yo‘qotdik. Sababini, o‘zinglar ko‘rdinglar. Hisobda oldinda bo‘lganimizda vazifamiz yengillashardi. Raqib jamoasi juda chuqur, zich himoyalandi. Yorib o‘tish qiyin bo‘ldi. Agar imkoniyatlardan foydalanganimizda raqib ochilishga majbur bo‘lardi va bizga yanada osonroq kechardi. O‘yin boshidan ularni qoniqtiradigan hisob bo‘lib turibdi. Shu bois chuqur himoyalanib, qarshi hujumlarni kutdi. O‘ylaymanki, raqibni bu natija albatta qoniqtiradi.
- O‘tgan yili «Mash'al» Qarshida g‘alaba qozongandi. Bu safar esa durang bo‘ldi. Nega aynan «Mash'al» bilan shunday bo‘ladi?
- Bilasizlar, «Mash'al» har yili biz bilan katta ishtiyoq bilan o‘ynayapti. Ozgina bo‘lsa ham buni derbi maqomi bor. Shu bois har doim bizga qarshi ikki karra kuch bilan o‘ynaydi. O‘tgan yili mag‘lubiyatga uchragandik, bu yil durang. Keyingi safar demak, yutamiz.
- Lushan boshchiligidagi «Mash'al»ni qanchalik kuchaygan deb o‘ylaysiz?
- Oldingi o‘yinlari bilan taqqoslasak, «Qo‘qon-1912» bilan o‘yinini ham ko‘rdim. Aynan ushbu uchrashuvni kuzatganimiz biz uchun yetarli edi. Jamoa yangi murabbiy bilan tartibliroq, zichroq himoya asosan 5-4-1 sxemasida o‘ynashga harakat qilyapti. Nafaqat 5 nafar, balki kerak bo‘lsa, 7 kishilab ham himoyalanyapti. Qaysidir
ma'noda to‘g‘ri qaror deb bilaman. Hozir «Mash'al» jamoasi uchun ham ochkolar juda zarur. Qolaversa, yangi murabbiyga futbolchilar albatta o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishyapti. Ularda ishtiyoq ham borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ikkita o‘yin ular uchun ijobiy yakunlandi. Qo‘qonliklarga qarshi uchrashuvda ham ular xuddi shu sxemada o‘ynagandi va uch ochko keltirdi. Bu safar ham juda chuqur, kerak bo‘lsa 9 kishilab himoyalanishdi. Bu har qanday jamoa uchun qiyinchilik tug‘diradi. Biz hisobda oldinga chiqib olganimida «Mash'al» ochilishga majbur bo‘lardi. Futbolda hammasi ularning rejasi bo‘yicha ketdi.
- Otubanjyo bu uchrashuvda maydonga tushmadi. Keyingi o‘yinlarga yordam bera oladimi?
- Ha, u bugungi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Balki yordam tegardi. Qisqa joylarda u yaxshi o‘ynardi. Birinchi bo‘limda vaziyatlarimiz yaxshi bo‘ldi. Agar qaysidirlarini golga aylantirganimizda yoki ikkinchi bo‘limda Sharof Muhitdinov o‘z imkoniyatidan foydalanganida... Bo‘ldi, biz ochko yo‘qotdik, endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
- «Nasaf» hozir 8-o‘rinda ketyapti. Chempionlik yoki uchinchi o‘rin yo O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish maqsadi bormi?
- «Nasaf»ni o‘z o‘rni va mavqei bor. Chempionlik maqsadi oldimizda turgani yo‘q. Biroq mavqeni tiklashimiz va yuqori o‘rinlar uchun harakat qilishimiz lozim. Oldimizda o‘yinlar ko‘p, xalqaro bahslar ham bor. Bularga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishimiz darkor.
- Himoyachi Alibek Davronov bu o‘yinda oldinroqda harakat qildi…
- Zich himoyani yuqori paslar bilan o‘ynashga qaror qilganimiz uchun Alibekni oldinga o‘tkazdik. Davronovni bosh bilan yaxshi o‘ynash sifati bor. Shu maqsadda oldinga qo‘ydik. Baribir operatsiyadan so‘ng Alibekni holati zo‘r emasligi bugungi o‘yinda ko‘rinib turibdi. Bu uning pozitsiyasi emasdi, tavakkalchilik edi. Oxirgi variantimiz bo‘lgani uchun hujumda o‘ynatdik.
- Mana shunday o‘yinlardan keyin asosiy kuch murabbiyga qaratiladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmayman deb ko‘p intervyu bergansiz. Mana shunday ruhiyat bilan bog‘liq holatlardan qanday chiqib ketasiz? Kerak bo‘lsa, jamoani ham topshiraman, degan fikrlar ham o‘tadimi?
- Murabbiy avvalo bu narsaga ruhan tayyor bo‘lishi kerak. Chunki futbolni past-balandliklari bo‘ladi. Har o‘yindan keyin esdan chiqarib, keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Agar chetdan eshitiladigan gaplarga yoki har xil fikrlarga e'tibor qaratmasak, juda ham chalqishimiz mumkin. Sovuqqon bo‘lishimiz kerak. Bu har qanday murabbiyni atrofida bo‘ladigan narsa. Dam olish haqida... To‘g‘risini aytaman, 2024 yildagi mavsum yakunlanganda tanaffus olishni rahbariyatdan so‘ragandim. Buni aytmagandim, hozir majbur qildingiz. O‘sha 2024 yili chempion bo‘lganimizdan keyin rahbariyatga menga tanaffus beringlar, klubda xohlagan ishda ishlab turaman, dedim. Lekin menga aytishdi: 10 kun sizga dam, keyin ishdavom ettiravering, deyishdi. Shuning uchun hozirgi qiyin vaziyatda ham men hech nimadan noliyotganim yo‘q. Men shu yerlikman, shu jamoa meni uyim. Meni qadrli jamoam. Qancha kerak bo‘lsa va har qanday holatda ham yordam berishga tayyorman.
- O‘tgan o‘Yindagi matbuot anjumanida yangi o‘yinchilar olishimiz kerak degansizu, ammo qaysi chiziqqa kerakligini ochiqlamadingiz.
- Imkoniyatimiz haqida bir nima deya olmayman. Agar shu holatda bo‘lsa imkoniyatimiz balki nolga teng bo‘lar. O‘ylayman, vaziyat yaxshi tarafga o‘zgaradi. Qanotlardas va hujumkor o‘yinchilar juda ham zarur.
- Akram Afifni «Nasaf»ga kelishi mumkinligini eshitib xursand bo‘ldim…
- Bu haqida qayerda o‘qidinglar?
- Mish-mishda…
- 100 karra aminman, Afif O‘zbekistonga kelmaydi. Kerak bo‘lsa, uni Yevropa darajasidagi klublar ham taklif qilishi mumkin. Bilasizmi, Akrom Afifni o‘z jamoasida qancha daromad qilishini? Butun bir klubni egasi bo‘lishi mumkin. Bunday fikrlar bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlar haqida gapirdinglarku, ular qiziqtirish, odam yig‘ish uchun har xil narsalarni chiqaraveradi. Bundan oldin ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgan. Jamoamizga Angliyadan o‘yinchilar kelarkan deb yozishardi. Shu bois bundaylarni kamroq o‘qishga va kamroq e'tibor qaratishga harakat qilaman», - deya Berdievning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi