Toshkentning «Bunyodkor» klubi Superliga 22-turida «Buxoro»ga qarshi bellashdi. Unda «qaldirg‘ochlar» uzoq kutilgan g‘alabaga erishdi. Jamoa bunga qadar 12 ta bellashuvda mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rgandi.
Natijada bosh murabbiy o‘zgardi. Ilyos Zeytullayev ishdan ketishga qaror qildi. O‘rniga Ivan Boskovich taklif etildi. «Buxoro»ga qarshi bahs jamoa asosiy darvozaboni sifatida Abdumavlon Abdujalilov maydonda harakat qildi. Ishonchli o‘yini sabab «Bunyodkor» muhim uch ochkoga ega bo‘ldi. Bellashuvdan so‘ng Abdujalilov Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu berdi.
- Abdumavlon, «Buxoro» bilan o‘yindan keyingi fikrlaringiz qanday?
- Kurashlarga boy o‘yin guvohi bo‘ldik. Uzoq kutilgan g‘alaba yo‘lida jiddiy kurashdik. Gol urishga muvaffaq bo‘ldik. Hisobdagi ustunligimizni saqlab qoldik. Qisqasi, juda yaxshi o‘yin bo‘ldi.
- Bu bahsda jamoangiz nimaning evaziga g‘alaba qozondi?
- Ushbu bahsda kim ko‘proq yakkakurashlarni yutadigan bo‘lsa, o‘sha ustunlikka ega bo‘lishini taxmin qilgandik. Bahs oldidan murabbiylar shtabining barcha bergan ko‘rsatmalariga amal qilishga harakat qildik. O‘ylaymanki, barchasini to‘g‘ri bajardik.
- «Bunyodkor» bu o‘yinga qadar 12 ta bellashuvda ketma-ket mag‘lub bo‘ldi. Sizningcha, jamoaning muvaffaqiyatsizliklariga nima sabab bo‘ldi?
- Ochig‘i, avvalgi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlarga ko‘p sabablarni misol keltirish mumkin. Qaysidir bahslarda bizga omad yetishmadi. Xususan, «Navbahor» bilan mehmonda o‘tkazilgan bahsda so‘nggi daqiqada penalti. Shuningdek, moliyaviy muammolar ham natijalarning biz uchun salbiy bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, pul yo‘qligi sabab ko‘plab o‘yinchilarimiz jamoadan ketdi. Aynan shu jihatlar mag‘lubiyatli seriyamiz uzoq davom etishiga bosh omil bo‘ldi, deb o‘ylayman. Nihoyat, g‘alabaga erishdik. Hammasi ortda qoldi, deb o‘ylayman.
- Hozirgi vaqtda jamoaning turnir jadvalidagi holatini yaxshi deb bo‘lmaydi. Aytingchi, «qaldirg‘ochlar»ning Superligada jon saqlab qolish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Ligada qolish imkoniyatimiz yomon emas. Chunki hali oldinda ko‘plab o‘yinlar bor. Oldinda turgan bahslarimizda o‘zimiz uchun kerakli natijalarga erishsak, vazifani bajara olamiz. Qisqasi, hammasi o‘zimizga bog‘liq.
- Hozirda jamoada italiyalik kipер bilan raqobatlashmoqdasiz. Raqobat haqida fikringiz?
- Raqobat ikkalamiz uchun ham o‘sishga turtki bo‘lmoqda. Federiko ham yaxshi darvozabon ekanini o‘yinlari orqali ko‘rsatmoqda. Bizda yana Muhammad Yusuf ham bor. Yaxshi darvozabonlar bilan jamoada raqobat bo‘lsa, bunda faqat yaxshi tomonga o‘sish imkoniyati bo‘ladi. Kim yaxshi holatda bo‘lsa, murabbiylar shuni asosiy jamoaga kiritadi.
- Moliyaviy holat borasida qandaydir o‘zgarishlar bormi?
- To‘g‘risi, moliyaviy holat bo‘yicha hech qanday o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Mavsum yakuniga ham 2,5 oy vaqt qoldi. Umid qilamanki, jamoaga homiy topiladi. «Bunyodkor»ning keyingi taqdiri ham juda muhim hisoblanadi. Futbolimiz saviyasi shu darajaga kelishida jamoaning hissasi ulkan. Bizda ishlab turgan tayyor futbolchilar fabrikasi bor. Asosiy jamoa o‘z holatini tiklab olsa, yoshlar ham yaxshi darajaga chiqishi osonlashadi. Aytaylik, futbolimizni yaxshi tushungan insonlar jamoaning kelajagi haqida qayg‘urmoqda. Ishonamanki, mavsum yakuniga qadar hammasi joyiga tushadi.