«Real» yarimhimoyachisi Jud Bellinghem Madrid klubi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashga yaqin. Kelishuv 2032-yilgacha mo‘ljallanishi mumkin. Bu haqda insayder Nikolo Skira ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar yangi shartnoma shartlarini deyarli to‘liq kelishib olgan va muzokaralar yakuniy bosqichga yetgan. Bellinghem «Real» safida 2023-yil yozidan buyon o‘ynamoqda.
23 yoshli yarimhimoyachining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan. Yangi kelishuv imzolansa, ingliz futbolchisi Madrid klubida yana bir necha yil qoladi.
Bellinghem ushbu mavsum barcha turnirlarda «Real» safida yettita bahsda maydonga tushib, uchta gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ma’lumot uchun, Transfermarkt ingliz yarimhimoyachisining transfer qiymatini 160 million yevroga baholamoqda. Bellinghem 2023-yilda Dortmundning «Borussiya» klubidan «Real»ga o‘tgan.