«Bunyodkor» klubi uzoq kutilgan g‘alabasiga erishdi. JAR stadionida «Buxoro»ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlar 2:1 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Bu esa Ivan Boshkovichning klubga bosh murabbiy sifatida qaytganidan keyingi ilk g‘alabasi bo‘ldi. Matbuot anjumanida u bir qator savollarga ham javob qaytardi.
- Barchaga xayrli kech. Juda xursandman. Bilasizlar, uzoq vaqtdan keyin g‘alaba qozondik. Bu biz uchun juda kutilgan g‘alaba edi. Eng muhimi — bugun natijaga erishdik. O‘yin oldidan rejalashtirgan ishlarimiz, taktik ko‘rsatmalarimiz, ayniqsa, birinchi taymda ikki marta gol urganimiz — barchasi o‘z samarasini berdi, deb o‘ylayman. Raqib o‘yinini buzishni maqsad qilgandik. Ular uzun uzatmalardan ko‘p foydalanishini, havodagi kurashlarni va ikkinchi to‘p uchun bo‘ladigan kurashlarni yaxshi bilardik. Shuning uchun bunday o‘yinga tayyorgarlik ko‘rdik.
Ikkinchi taymda albatta, biroz pasaydik. Yosh futbolchilar uchun 90 daqiqa davomida shunday yuqori intensivlikni ushlab turish juda qiyin. Lekin o‘z vaqtida o‘zgarishlar qildik, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ham jamoaga yordam berib, o‘yin sur’atini oshirishdi.
Menimcha, o‘yin oxirigacha raqibda juda aniq golli vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Albatta, ikkinchi taymda ularda ayrim imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin 80-daqiqadan keyin o‘yin oxirigacha ularda jiddiy golli vaziyatlar bo‘lmadi. Himoyada esa men eng ko‘p qo‘rqqan jihat — yosh futbolchilarning yakkama-yakka kurashlardagi harakatlari edi. Lekin ular bugun ruh va xarakter ko‘rsatishdi.
Biz xarakterimiz evaziga juda muhim bo‘lgan uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Bu biz uchun katta turtki, ortimizdan esib turgan shamoldek bo‘ldi. Hozir tanaffus bor. Keyingi raqibga ham yaxshi kayfiyatda tayyorgarlik ko‘ramiz.
«Bunyodkor», men avval ham aytganimdek, doimo qiyin vaziyatlardan kuch bilan chiqib kelgan. Hozir ham klub va jamoa jarohatlangan holatda, ammo biz hali ham tirikmiz va Superligada qolish uchun oxirigacha kurashamiz. Xudo xohlasa, asosiy muammolarimizning barchasi o‘tib ketadi. Bu holat vaqtinchalik.
- Yosh futbolchilaringizni ataylab kuzatdim: ular raqibning kuchli, tajribali futbolchilariga qarshi yakkama-yakka kurashlarda tengma-teng bellashishdi. Juda ko‘p individual kurashlarda g‘alaba qozonishdi, raqibga hech narsa bermadi. Qog‘ozdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, «Buxoro» oxir-oqibat hisobni tenglashtirishi kerakdek edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Balki asosiy jihat shu bo‘lgandir?
- Men bu haqda avval ham aytdim: albatta, biz bunga tayyorlangan edik. Raqibning kuchini bilamiz. Ular havodagi kurashlarda juda yaxshi o‘ynaydi. Shuning uchun ikkinchi to‘plar uchun kurashga, markazda ko‘proq futbolchi bilan «podbor»larga ham tayyorgarlik ko‘rdik. Birinchi taymda ularga gol o‘tkazib yubormasligimiz ham muhim bo‘ldi. Siz aytganingizdek, biz ko‘rsatmalar berdik. Xarakter va kuchaytirish hisobiga harakat qildik. Jami beshta almashtirishdan foydalandik.
Futbolchilar zaxiradan tushib, jamoaga qo‘shilishdi. Ayniqsa, jismoniy jihatdan biroz pasayganimizda ular jamoaga yordam berishdi. Menimcha, futbolchilar muhim vaziyatlarda to‘g‘ri reaksiya qilishdi. Statistikada bizda mag‘lub bo‘lgan yakkama-yakka kurashlar ham, yutib olinganlari ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Lekin eng muhimi — raqib xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan zonalarni o‘zaro sug‘urtalash hisobiga yopib turdik.
- Bugun «Bunyodkor»da ham golli vaziyatlar ko‘p bo‘ldi, lekin omad yetishmadi. Rostini aytsam, bugun sizlarda, mening nazarimda, bor-yo‘g‘i ikkita-uchtata aniq vaziyat bo‘ldi va ikkitasi darvozabon gol o‘tkazdi. Sizningcha, bu futboldagi taqdirmi? Bugun bunday holatlar juda ko‘p bo‘ldi.
- Menimcha, bugun «Bunyodkor»ni haqiqatan yaxshi ko‘radigan barcha insonlar bir joyga jam bo‘ldi. Akademiyadagi bolalar, barcha futbolchilar, butun rahbariyat — hamma jamoa bilan birga edi. Menimcha, bu ijobiy energiya jamoaga o‘tdi. Bugungi muhit va hammaning kayfiyati bizga o‘yinni yutishda yordam berdi, deb o‘ylayman. Eng muhimi, shu tarzda davom etishimiz kerak. Menimcha, inson o‘z ishini sidqidildan, bor kuchini berib bajarsa, Xudo ham unga qaytarib beradi. Siz ham aytyapsiz: ikki zarbadan — ikki gol. Shuning uchun men futbolchilarga aytdim: taslim bo‘lmaslik kerak, oxirigacha o‘ynash va kurashish kerak. Katta mehnat va harakat evaziga bu g‘alabani qo‘lga kiritdik.
- «Lokomotiv» bilan o‘yinda ham jamoa barchaga qarshi raqobatlasha olishini ko‘rsatgandi. Lekin siz avval ham aytganingizdek, golli vaziyatlarni yakunlashni yaxshilash kerak edi. Bugun shu jihatni to‘g‘rilay oldingiz. Keyinchalik yana nimalarni yaxshilash kerak?
- Ha, to‘g‘ri. Endi oldimizda 20 kun ishlash uchun vaqt bor. Ko‘plab futbolchilarimiz yosh. Ularning aksariyati asosiy tarkib bilan ko‘p mashg‘ulot o‘tkazmagan. Superligada ham tajribaliroq futbolchilar bilan tengma-teng o‘ynay oladigan darajada ko‘p o‘yin amaliyotiga ega emas. Lekin mashg‘ulotlar, ayniqsa, yuqori intensivlikdagi mashg‘ulotlar orqali ular o‘zlarini rivojlantirishadi. Keyin moslashuv ham tezroq kechadi. Nazarimda, keyinchalik ularga osonroq bo‘ladi: tezroq o‘ynash, kurashish, g‘alaba qozonish va vaziyatlarga tezroq reaksiya qilishni o‘rganishadi. Futbol ham, umuman har qanday sport ham shunday. Shu sababli ishlash, mehnat qilish kerak. Hammasi asta-sekin iziga tushadi.
- Ular hali yosh, tajribasi kam. Hozir siz ulardan nimanidir talab qilyapsiz. Lekin tajribali futbolchilar va boshqa raqiblar baribir ularni topib, bosim o‘tkazishyapti. Bunday vaziyatda ular bilan ishlash qanchalik qiyin?
- Bu bizning ishimiz. Ular qanchalik tezroq nima qilish kerakligini tushunib yetsa va qanchalik tezroq o‘z zimmasiga mas’uliyat olsa, shunchalik tezroq rivojlanadi. Shuning uchun men hozir ulardan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishlarini kutyapman. Mas’uliyatni olishsin, intizomga, rejimga rioya qilishsin. Shunda, albatta, rivojlanishadi. Men bunga shubha qilmayman. Albatta, buning ko‘p jihati futbolchining o‘ziga bog‘liq. Ularda ichki motivatsiya bo‘lishi kerak. Hozircha ular bu vazifani yaxshi bajarishyapti.
Menga, murabbiy sifatida, o‘zidan o‘zi talab qiladigan, o‘zi xohlaydigan va mas’uliyatni zimmasiga oladigan futbolchi bilan ishlash oson. Ularda futbolchilik malakasi bor. Bular akademiyadan chiqqan, tayyorgarlikdan o‘tgan, kvalifikatsiyali futbolchilar. Shu boisdan hozir mening murabbiy sifatidagi asosiy vazifam — ularning qanday rivojlanishi va o‘sishini ta’minlash. Bugungi ijobiy natija kelajakda yanada kuchliroq ishlashimiz uchun bizga yangi energiya beradi. Bu nafaqat menga, balki barcha futbolchilarga tegishli. Hozir ular o‘zlariga ishonchliroq bo‘lishadi. «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinning ikkinchi taymi ham, bugungi uchrashuv ham biz barcha raqiblarga qarshi raqobatlasha olishimizni ko‘rsatdi. Vaqt o‘tishi bilan buni amalga oshirish yanada osonlashadi, deb o‘ylayman. Chunki ular o‘z mahoratini ko‘rsata oladi.
Yakkama-yakka kurashlarda ko‘proq g‘alaba qozonsak, albatta, uchinchi zonaga kirish ham osonlashadi. Bunday gollarni o‘tkazib yubormaymiz va to‘pni ham osonroq harakatlantiramiz. Chunki agar yakkama-yakka vaziyatlarda g‘alaba qozona olmasangiz, mahoratingizning o‘zi ham yordam bermaydi. Nimalar ustida ishlash kerakligini bilamiz. Hozir Xudo bizga shuning uchun 20 kunlik tanaffus berdi — yanada ko‘proq ishlab, bu muammolarni yaxshilashimiz kerak.
- Futbol shunchalik tez o‘zgarib ketdimi? Hozir mana shu yosh yigitlar — OKMK, «Buxoro», «Navbahor» bilan o‘yinlarni ko‘ring — tajribali futbolchilarga qarshi tengma-teng kurasha olyapti. «Yigitlar katta erkaklardek kurashishdi», deyishyapti.
- Agar futbolchi malakaga ega bo‘lsa-yu, lekin hali yetarlicha o‘rganmagan bo‘lsa, unga jismoniy va psixologik jihatdan kuchayishi uchun vaqt kerak. Kuch keyinroq keladi. Malaka va futbolchilik tayyorgarligi esa bo‘lsa, biz — murabbiylar uchun ishlash ancha osonlashadi. Hozir biz yaxshi tahlil qildik va nimalar ustida ishlashimiz kerakligini bilamiz. Siz «yaxshi futbol» haqida gapiryapsiz. Lekin yaxshi futbol faqat to‘p bilan o‘ynash emas. Yaxshi himoyalanish, raqib o‘yinini buzish, unga to‘p bilan harakat qilish uchun vaqt va maydon qoldirmaslik ham kerak. Biz «Buxoro» futbolchilariga qarshi aynan shu g‘oyani qo‘lladik: ularga to‘p bilan o‘ynash uchun vaqt bermaslik, o‘z o‘yinlarini namoyish etishlariga yo‘l qo‘ymaslik. Avvalo, uzatmalar yo‘nalishini yopish, keyin esa ikkinchi to‘p uchun kurashish. Bu borada ishlashda davom etamiz.
Siz «yaxshi futbol» deyapsiz. Hozir yosh futbolchilarga futbolni o‘rgatish kerak. Fikrimcha, ulardan himoyada ko‘proq mas’uliyat olishni talab qilishimiz zarur. To‘psiz qanday harakat qilishni ham o‘rganishlari kerak. Faqat to‘p o‘z yarim maydoniga kelgandagina emas. Bugungi natija ham shuni ko‘rsatdi.
Menimcha, bugungi o‘yin himoyada to‘g‘ri harakat qilmasdan, raqib o‘yinini buzmasdan ochko uchun o‘ynash qiyinligini ko‘rsatdi. Bu ham katta plyus. Albatta, o‘yinda to‘pni chiroyli aylantirish — bu ham yaxshi futbol. Buni pragmatik, yaxshi futbol deb ham atash mumkin. Futbolchini faqat to‘p bilan emas, to‘psiz ham o‘ynashga o‘rgatish kerak.
- Keyingi turda «Paxtakor» bilan o‘ynaysizlar. Unga tayyorgarlik rejangiz bormi?
- Ha, albatta. Bizda taxminan 19–16 kun vaqt bo‘ladi. Asosiy tarkibning deyarli 90 foizi — terma jamoa futbolchilari. Ular yoshlar terma jamoasidan ham, boshqa terma jamoalardan ham qaytib kelishadi.
- Hozircha tayyorgarlik jarayoni bo‘yicha qandaydir rejangiz bormi?
- Albatta, har qanday raqibga tayyorlanamiz. «Nasaf» bilan o‘yinga ham shunday tayyorlangan edik. O‘shanda ham bizdan nimadan qo‘rqyapsizlar, deb so‘rashgandi. Biz u yerda ham jasorat bilan o‘ynadik. «Nasaf»ga mag‘lub bo‘ldik, lekin o‘sha o‘yinda sinab ko‘rgan ba’zi narsalarimiz bugun g‘alaba qozonishimizga yordam bergan bo‘lishi mumkin. Qandaydir ishlanma yoki tayyorgarlik samarasi bo‘ldi.
Eng muhimi, bizda avval yetishmagan agressivlik va raqib o‘yinini buzish jihati paydo bo‘ldi. Men vaziyatni shunday ko‘ryapman. Biz har qanday raqibga tayyorlanamiz. «Paxtakor» bo‘ladimi yoki boshqa jamoa — farqi yo‘q. Har qanday raqibga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, munosib futbol o‘ynash mumkin. Buning uchun talablarga rioya qilish kerak. Futbolda doimo imkoniyat bor. Shuning uchun bu sport muxlislar uchun ham, sizlar uchun ham, murabbiylar uchun ham qiziq. Men futbolni shuning uchun yaxshi ko‘ramanki, maydonga tushib o‘yin boshlanmaguncha uning natijasini hech qachon oldindan bilmaysiz», - deya Ivan Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.