Madridning «Real» klubi darvozaboni Andrey Lunin faoliyatini Italiya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Insayder Nikolo Skiraning yozishicha, 27 yoshli futbolchi xizmatlari Turinning «Yuventus» klubiga taklif qilingan. «Keksa siniora» vakillari ushbu kelishuv borasida hali bir qarorga kelib ulgurmagan. Avvalroq ham «Yuventus» «qaymoqranglilar» darvozaboniga qiziqayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo rasmiy ish taklifgacha yetib bormagan edi.
Ma’lumot uchun Andrey Lunin 2018-yildan buyon «Real» safida to‘p tepib keladi. Umumiy hisobda ukrainalik posbon madridliklar safida 74 ta o‘yinda maydonga tushib, 91 ta gol o‘tkazib yuborgan. Jumladan o‘tgan mavsum 12 bor maydonga tushdi (21 ta gol qo‘yib yubordi).
Darvozabonning «qirollik klubi» bilan amaldagi shartnomasi 2030-yil yozigacha mo‘ljallangan.