«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta klub bilan shartnomasi mavsum yakunida tugashiga qaramay, Londonda qolishni istayotganini bildirdi.
44 yoshli mutaxassisning amaldagi kelishuvi 2027 yil yozida yakunlanadi. Avvalroq tomonlar yangi shartnoma borasidagi muzokaralarni yozgi transferlar oynasi sabab ortga surishga qaror qilgani xabar qilingandi.
Arteta yakshanba kuni «Manchester Siti»ga qarshi Angliya Superkubogi bahsi oldidan ESPN nashriga bergan intervyusida kelajagi borasidagi vaziyatga aniqlik kiritdi.
«Ular bu borada xavotirlanishlari shart emas, chunki men bu yerda qolishni istayman. Men juda xursandman. Birga ishlayotgan insonlarim bilan faoliyat olib borayotganimdan minnatdorman. Imkoniyat bo‘lganda, bu masalani hal qilamiz. Hammasi shu», — dedi Arteta.
Ispaniyalik mutaxassis shartnomani uzaytirish masalasi hozircha asosiy ustuvor vazifa emasligini ham ta’kidladi.
«Menimcha, har doim boshqa bir ustuvor vazifa paydo bo‘ladi! Biz bu masalani shu tarzda hal qilib kelmoqdamiz. Menimcha, shartnoma muddati muammo tug‘dirmasligiga hamma xotirjam qarayapti», — dedi u.
«Mening istagim, albatta, shu yerda qolish. Men bu yerda juda xursandman va klubga bo‘lgan munosabatim ham o‘zgarmagan. Shu sababli barcha masalalar tabiiy tarzda hal qilinmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Arteta.
Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» 16 avgust kuni Angliya Superkubogi doirasida «Manchester Siti»ga qarshi bahs o‘tkazadi.