Xitoyning Ordos shahrida o'tayotgan yengil atletika bo'yicha U23 yosh toifasidagi Osiyo chempionatining uchinchi kuni O'zbekiston milliy jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
800 metr masofada chempion bo'lgan Jonbibi Hukmova bu safar 400 metrga yugurish bahslarida ham barcha raqiblarini ortda qoldirdi. U 51,19 soniya natija qayd etib, musobaqadagi ikkinchi oltin medalini qo'lga kiritdi.
Shuningdek, 400 metrga to'siqlar osha yugurish dasturida Nurxon Ochilova 57,99 soniya natija bilan marraga yetib kelib, kumush medal sohibiga aylandi.
Shu tariqa, uchinchi musobaqa kunidan so'ng O'zbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin va 4 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida Xitoy hamda Yaponiyadan keyin uchinchi o'rinni egallab turibdi.
O'zbekiston milliy jamoasining sovrindorlari:
Oltin medallar:
Jonbibi Hukmova — 400 metr
Jonbibi Hukmova — 800 metr
Valeriya Gorbatova — balandlikka sakrash
Kumush medallar:
Nurxon Ochilova — 400 metrga to'siqlar osha yugurish
Barnoxon Sayfullayeva — balandlikka sakrash
Ayyubxon Fayozov — bosqon uloqtirish
Ibrohim Mahkamov — uch hatlab sakrash