«Yuventus» hujumchisi Dushan Vlahovich yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, jamoani tark etishga yaqinlashdi.
Tuttosport xabariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning asosiy sabablaridan biri moliyaviy masalalar bo‘lgan.
Manbada aytilishicha, muzokaralar davomida serbiyalik futbolchi nima uchun Jonatan Devid bilan bir xil maosh olishi kerakligini so‘ragan. Ushbu savol Turin klubi rahbariyatining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, «Yuventus» Vlahovichga yiliga 6 million yevro maosh va bonuslarni o‘z ichiga olgan yangi shartnoma taklif qilgan. Futbolchining o‘zi esa mavsumiga 8 million yevro olishni istagan.
Avvalroq klub direktori Jorjo Kyellini tomonlar hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmaganini tasdiqlagan edi.
Ma’lumot uchun, Dushan Vlahovich 2022 yilda «Fiorentina»dan «Yuventus» safiga qo‘shilgan.