Dortmundning «Borussiya» klubi prezidenti Xans-Yoaxim Vatske «Manchester Siti» hujumchisi Erling Xolandning «Real»ga ehtimoliy transferi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Men Xolandning «Real» haqida nima deb o‘ylashini juda yaxshi bilaman. Sizga ayta olamanki, u «Real»ga juda qattiq havas qiladi hamda kelajakda ularning safida to‘p tepishni xohlaydi. Biroq kelasi mavsumda u «Manchester Siti»da o‘ynashda davom etadi. Bunga hech qanday shubha yo‘q», — deya Vatskening so‘zlarini keltiradi Madrid Zone nashri.
Yakunlangan mavsumda norvegiyalik futbolchi «shaharliklar» safida barcha turnirlar doirasida 52 ta o‘yinda 38 ta gol urdi va 9 ta assistni qayd etdi. Uning ingliz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2034 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.