Live
11
O'zbek

Vadim Abramov: «Hakamlik haqida gapirishni yoqtirmayman, ammo...»

Eksklyuziv
22 noyabr, 11:49
Abramov matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Vadim Abramov: «Hakamlik haqida gapirishni yoqtirmayman, ammo...»
Фото: Динамо ПФК

«Dinamo» klubi o‘z maydonida «Bunyodkor»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Samarqandliklar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Nima ham derdim? Futbolchilarga e’tiroz bildirish qiyin. Ular harakat qilishdi, bor kuchlarini ishga solishdi. Vaziyatlarimiz ham bo‘ldi, afsuski, ulardan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘limda raqib bir marta darvozamiz tomon zarba berdi va golga aylantirdi. Biz esa o‘z imkoniyatlarimizni gol bilan yakunlay olmadik.

Bundan tashqari, ofsayd deb topilgan vaziyat ham tushunarsiz bo‘ldi. Qayta ko‘rib chiqdik, menimcha, u yerda ofsayd yo‘q edi. Men doimo hakamlik haqida gapirishni yoqtirmayman, ammo bugungi holatlar haqida gapirmaslik ham qiyin.

Bugun uchta bahsli vaziyat bo‘ldi. Hatto penalti bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatda ham VAR aralashmadi. Nima uchun bu yil bizga nisbatan hakamlik shunday bo‘layotganini tushunmayman. O‘tgan yili ham hakamlarning xatolari tufayli medallardan quruq qolgan edik. Afsuski, bu holatlar davom etmoqda.
Umid qilamanki, mas’ullar bu vaziyatlarni qayta ko‘rib chiqib, kelgusida xolis hakamlikni ta’minlashadi. Aks holda VAR nima uchun kerak? Agar undan foydalanilmasa, uning nima keragi bor?

Yana bir tushunarsiz holat — qo‘shib berilgan olti daqiqa. Penalti bilan bog‘liq vaziyatni VAR orqali uzoq vaqt ko‘rishdi. Nazarimda, 90-daqiqagacha shu holatni muhokama qilishdi. Asosiy vaqt tugaganidan keyin ham yana VAR ko‘rildi va shundan so‘ng olti daqiqa qo‘shib berildi. Bu ham ajablanarli. Lekin hakamlar shunday qaror chiqarishgan ekan, demak, biz uni qabul qilishimiz kerak.

- Bugun Abdusalomov va O‘rmonjonov jamoaga yordam bera olmadi. Ularning holati qanday? Keyingi o‘yinga safga qaytishlari mumkinmi?
— Abdusalomov operatsiyani boshdan kechirgan. O‘rmonjonov esa mashg‘ulot jarayonida jarohat olgan. Umid qilamizki, keyingi o‘yinga qadar safga qaytishadi.

- «Neftchi» chempionlikka tayyorgarlik ko‘rayotgani, «Dinamo»ni mag‘lub etib, chempionlikni nishonlashni rejalashtirayotgani haqida gap-so‘zlar bor. Siz ularning bayramiga xalaqit berishni istamaysizmi?

— Biz hozircha o‘z bayramimiz haqida o‘ylayapmiz. Bugungi o‘yin haqida gaplashyapmiz, hozircha boshqa narsalarga e’tibor qaratmayapmiz. «Neftchi»ning nimaga tayyorgarlik ko‘rayotgani bizning muammomiz emas. Bu — ularning ishi. Bizning o‘z vazifalarimiz bor, shu haqda o‘ylashimiz kerak.- Jamoadagi jarohatlangan futbolchilardan biri haqida aniqlik kiritsangiz. Uning jarohati qanchalik jiddiy?

— Unda mushakda uzilish bor. Bu ancha vaqt davolanishni talab qiladi. Qizig‘i, u o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushgan, mashg‘ulotlarda ham yugurgan. Keyin MRT tekshiruvidan o‘tkazganimizda, jarohati jiddiy ekani ma’lum bo‘ldi. U anchadan beri shu jarohat bilan harakat qilib kelgan. Hatto faqat chap oyog‘ida o‘ynagan holatlari ham bo‘lgan. Biz jarohat bunchalik jiddiyligini bilmagan edik.

- Bugun «Dinamo» bir qator vaziyatlar yaratdi, ammo jamoa o‘yinni bir maromga solib ololmayotgandek ko‘rindi. Himoyada ham, hujumda ham shoshma-shosharlik kuzatildi. Buning sababi nimada?

— Futbolchilar ba’zan shoshilib qaror qabul qilishadi. Bu borada ular bilan doim gaplashamiz, tushuntiramiz. Afsuski, hujumga o‘tganimizda himoyachilarimiz ham, hatto hujumchilarimiz ham vaziyatni to‘liq nazorat qilmaydi. Ular faqat oldinga qarab, hujumchilarga yordam berishni o‘ylashadi.
Bu mavsumda gol ura olmagan ikkinchi o‘yinimiz bo‘ldi. Birinchi shunday uchrashuv «Neftchi»ga qarshi kechgandi. Bugun ham vaziyatlar yaratdik, ammo ulardan foydalana olmadik. Bu, albatta, afsuslanarli.

- Milliy jamoalar o‘yinlari uchun berilgan tanaffusdan keyin futbolchilarning o‘yin ritmini yo‘qotishi kuzatiladi. Bugungi uchrashuvdagi holat ham shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi?

— Odatda milliy jamoalar o‘yinlari uchun berilgan tanaffusdan keyin shunday holatlar kuzatiladi. Futbolchilar o‘yin ritmidan chiqib qolishadi. Menimcha,

bugungi holat ham aynan shu bilan bog‘liq.

Ba’zan futbolda shunday bo‘ladi: raqib zarba beradi va to‘p darvozaga kirib ketadi. Bu ham futbolning bir qismi. Bugun ham shunday vaziyat yuz berdi. Buni alohida biror narsa bilan izohlash qiyin.
- Nazariy jihatdan qaraganda, qolgan turlardagi natijalar va turnir jadvalidagi vaziyatga qarab, «Dinamo» quyi ligaga tushib ketish xavfi bo‘lgan hududda qolishi mumkin. Bu holat jamoaning mavsum oldiga qo‘ygan vazifalariga qanchalik mos keladi?

— Albatta, bunday bo‘lishini istamaymiz. Mavsum davomida vaziyat o‘zgardi. Dastlabki rejalarimiz boshqacha edi, ammo keyin turli holatlar yuzaga keldi. Bu ham mavsumning o‘ziga xos qiyinchiliklari bilan bog‘liq.

Yaxshi tomoni shundaki, birinchi va ikkinchi davra oralig‘idagi tanaffusda futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqiqqa uchramadik. Bu muammodan qutulib qoldik. Umuman olganda, mavsum biz uchun oson kechmayapti. Endi qolgan o‘yinlarda vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilamiz», - deya Vadim Karlenovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • Bunyodkor Bunyodkor
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar