«Tottenhem» va «Aston Villa» jamoalari «Bavariya» markaziy himoyachisi Kim Min Je uchun qancha mablag‘ talab qilinishi mumkinligini bilib oldi. Bu haqda Sports Mole xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Myunxen klubi koreyalik 29 yoshli futbolchi uchun taxminan 35 million yevro talab qilishi mumkin. Angliya klublari esa himoyadagi muammolarini aynan u bilan hal qilishi mumkin.
Bu mavsumda Min Je jamoaning asosiy tarkibidan joy olmayapti. Klub bosh murabbiyi Vensan Kompani Jonatan Ta va Dayo Upamekanoni ko‘proq afzal ko‘rmoqda.
Shuningdek, klub unga munosib o‘rinbosar topsa, futbolchi kelayotgan yozgi transfer oynasida APLga yo‘l olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Min Je 2023-yilda «Napoli»dan Myunxen klubi safiga kelib qo‘shilgan. Bu vaqt davomida jamoa safida 121 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Avvalroq «Tottenhem» yarim himoyachi Deyan Kulushevskiyning shartnomasini uzaytirishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.