«Navbahor» klubi Navoiyda «Qizilqum»ga qarshi bellashuvda yagona gol evaziga muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
O‘yindan keyin namanganliklar ustozi Temur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.
– Temur aka, o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Assalomu alaykum. Avvalo, butun jamoamizni g‘alaba bilan tabriklayman. Stadionga kelgan muxlislarga ham rahmat aytaman. O‘ylaymanki, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Eng muhimi, g‘alaba qozondik. Uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik, «Qizilqum»ni o‘rgandik. Ularning yaxshi jamoa ekanini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik va o‘yin uchun tuzgan rejamiz yaxshi ishladi, deb o‘ylayman.
Albatta, ko‘proq gol urganimizda yanada yaxshi bo‘lardi. Lekin eng muhimi, o‘yin tizimi ham, uning kechishi ham bizning nazoratimizda bo‘ldi. Uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Shuning uchun butun jamoamizni, yosh futbolchilarimizni ham tabriklayman. Ular ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. «Qizilqum»ga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.
– O‘tgan matbuot anjumanida Mirjalol Qosimovga Kubok yarim finaliga doir savol bergan edik. U «Yaxshi niyat, finalda biz yutib chiqamiz», degan edi. Siz ham Kubok yarim finali oldidan qandaydir yaxshi niyat bildirsangiz.
– Albatta, yaxshi niyatimiz — Kubokni qo‘lga kiritish. Nasib qilsa, sovrinni yutishni istaymiz. Har bir jamoaning umidi bor. OKMKda ham, «Andijon»da ham, «Navbahor»da ham imkoniyat bor. Shuning uchun oldindan biror narsa deyish qiyin. Lekin biz ham shunday yaxshi niyatdamiz.
Hozircha hech qanday muammo yo‘q. Har bir o‘yinga jiddiy yondashyapmiz va puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. FIFA kunlari sababli biroz tanaffus bo‘ladi. Undan keyin esa avval «Navbahor», so‘ng OKMKga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi. Nasib qilsa, yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, maqsadimiz yo‘lida harakat qilamiz.
– O‘zbekiston va Rossiya milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ham qiziqish uyg‘otmoqda. Nazarimda, bu jamoalar anchadan beri o‘zaro to‘qnash kelmagan. Shu jihatdan ham uchrashuv qiziq bo‘ladi.
– Ha, yoshlar darajasida o‘zaro o‘ynagan bo‘lishimiz mumkin. O‘ylaymanki, yaxshi uchrashuv bo‘ladi. Albatta, natija muhim, lekin o‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Ikki jamoani taqqoslash, ularning darajasini ko‘rish imkoniyati bo‘ladi.
Rossiya milliy jamoasi ham yaxshi saviyaga ega. Ularning xalqaro musobaqalarda ishtirok eta olmayotgani futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qilishi mumkin. Umuman olganda, bu uchrashuvda o‘ziga xos prinsipiallik bor. Ko‘pchilik jamoalarni taqqoslaydi, o‘yinni kuzatadi.
Eng muhimi, jamoani yaxshi tayyorlaydigan murabbiy bor. Futbolchilarimiz sog‘-salomat bo‘lishsin. O‘z maydonimizda o‘ynaymiz, shuning uchun yaxshi harakat qilib, Rossiyani mag‘lub etishimiz kerak.
– Bugun 1:0 hisobida g‘alaba qozondingiz. Raqib kutilganidan ko‘ra kuchliroq qarshilik ko‘rsatdimi yoki futbolchilar harakati siz kutgandek bo‘lmadimi? Chunki uchrashuv boshida ayrim futbolchilarning xatolariga noroziligingizni bildirib turganingiz ko‘rindi.
– Yo‘q, «Qizilqum» yaxshi himoyalanadi. Har bir futbolchisining tayyorgarligi yaxshi ekani ko‘rinib turibdi. Bunday jamoaning himoyasini yorib o‘tish, albatta, o‘ziga yarasha qiyinchilik tug‘diradi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda buni his qildik.
Ikkinchi bo‘limda biroz bo‘shliqlar paydo bo‘ldi. 1:0 hisobidan keyin o‘yin ochildi. Ammo ungacha «Qizilqum» yaxshi himoyalandi. Har bir futbolchining o‘yinga bo‘lgan kayfiyati yuqori ekani ko‘rinib turdi.
Men futbolchilarga shunchaki hujumni qanday to‘g‘ri tashkil etish, qanday qilib raqib himoyasini yorish mumkinligini ko‘rsatdim. Chunki bu oson emas. Ba’zi vaziyatlarda bo‘sh hududlarda ko‘proq ochilish yoki boshqacha harakatlanishimiz mumkin edi. Raqib besh nafar himoyachi bilan o‘ynagani uchun birinchi bo‘limda biroz qiyinchilik bo‘ldi, imkoniyatlar ham ko‘p bo‘lmadi.
Lekin o‘yin tizimi ham, nazorat ham, umuman, hamma narsa bizning qo‘limizda edi. Gol urdik, hisobni yiriklashtirishimiz ham mumkin edi. Ammo biz uchun eng muhimi uch ochko edi. «Qizilqum»ga deyarli imkoniyat qoldirmasdan, uch ochkoni qo‘lga kiritdik.
– Abdurauf Bo‘riyevning nomi yana «Navbahor» bilan bog‘lanmoqda. Bu hozircha mish-mishmi yoki uni jamoaga olib kelish bo‘yicha harakatlar olib borilyaptimi? Kelishuvga yaqinlashyapsizlarmi?
– Hozircha bu haqda biror narsa deyish qiyin. U «Paxtakor» futbolchisi. Albatta, shartnomasi tugayotganini bilamiz. Bo‘riyev mening qo‘limdan chiqqan futbolchi, shuning uchun u bilan aloqamiz yaxshi. Lekin uni jamoaga olib kelish yoki boshqa masalalar hali muhokama qilingani yo‘q. Vaqt ko‘rsatadi.
– Sizning ishtirokingizdagi matbuot anjumanlarida milliy jamoa haqida ham savollar berib turiladi. So‘nggi paytlarda Fabio Kannavaroning iste’fosi yaqinlashayotgani haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda. Bu haqda eshitdingizmi?
– Yo‘q, uning iste’fosi haqida eshitmadim.
– Shartnoma uzaytirilganidan keyin ham kiyinish xonasidagi muhit, kompensatsiya masalalari haqida turli gaplar tarqaldi. Bu xabarlarga qanday qaraysiz?
– Biz ham bu xabarlarni matbuotda o‘qidik. Albatta, ularning qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmaymiz. Assotsiatsiya esa bu xabarlarni rad etdi. Amaldagi shartnoma borligini, u keyingi Osiyo chempionatigacha amal qilishini ma’lum qildi.
Bu masala, albatta, federatsiya vakolatida. Shartnoma uzaytiriladimi, murabbiy qoladimi yoki uning o‘zida boshqa xohish bormi — buni bilmaymiz. Turli gap-so‘zlar yuribdi, biz ham o‘qiyapmiz. Bundan avval ham Chikagoda agentlar bilan uchrashuvi bo‘lgani haqida xabarlar chiqqandi.
Bu hayot, balki unga boshqa joylardan yaxshiroq takliflar bo‘layotgandir. Bu, albatta, federatsiyaga va murabbiyning o‘ziga bog‘liq masala. Bizning xohishimizga qolsa, albatta, ishlashda davom etsin. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, milliy jamoaga foyda keltirishi muhim. Biz milliy jamoamizning yuqori o‘rinlarni egallashini istaymiz. Menimcha, Kannavaro ham yomon murabbiy emas, yaxshi ishlashga harakat qilyapti.
– Agar milliy jamoadan taklif bo‘lsa, uni rad etish qiyin bo‘lsa kerak. «Navbahor»da hali yakunlanmagan ishlarim, vazifalarim bor», deb javob berasizmi yoki taklif tushganidan keyingina bir qarorga kelasizmi?
– Bu — Vatan jamoasi. Biz hech qachon Vatan jamoasidan yuz o‘gira olmaymiz. Turli vaziyatlar bo‘lishi mumkin, lekin bunday qilishga haqqimiz yo‘q.
Bu — Vatan jamoasi. Shuning uchun har birimiz, o‘ylaymanki, siz ham, men ham, boshqalar ham har doim unga xizmat qilishga tayyor turishimiz kerak. Agar milliy jamoaga bizning yordamimiz kerak bo‘lsa, albatta, doimo tayyor bo‘lishimiz lozim.
Har birimiz bunga munosib bo‘lishimiz kerak. Bu masalani muxlislar va rahbariyat hal qiladi. Ammo o‘ylaymanki, bunday taklifni har birimiz faxr bilan qabul qilishimiz mumkin.
– Temur aka, «Navbahor»ga kelganingizdan keyin mavsum ham yakuniga yaqinlashmoqda. Keyingi mavsum uchun rejalar bormi? Avvalgi matbuot anjumanlarida hozircha Kubokni yutishdan boshqa aniq vazifa qo‘yilmaganini aytgan edingiz. Lekin kelasi yil uchun ham maqsadlar belgilanadi. Hozirgi tarkibda keyingi mavsum uchun o‘zingizda qoldirishni rejalashtirgan, alohida e’tibor qarataётgan futbolchilar bormi?
– Albatta, bu borada ishlar olib borilyapti. Dastlab jamoani ancha kuzatgan bo‘lsam-da, bu vaqt davomida ko‘p narsa o‘zgardi. Jamoa ancha shakllandi. Ishonch, harakatlar, bir-birini tushunish borasida ham ko‘p jihatlar o‘zgardi.
Hozir «Navbahor» istalgan jamoaga qarshi o‘z o‘yinini ko‘rsata oladigan jamoaga aylandi. Bu klubda vazifa va maqsadlar har doim yuqori bo‘lgan. Hozir ham shunday. Albatta, Kubokda ham, chempionatda ham oxirigacha kurashamiz. Shu sababli bu yil ham, kelasi yil ham bu jamoada yuqori maqsadlar qo‘yiladi va ularga erishish uchun harakat qilinadi», - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.