Live
52
O'zbek

Anvar G‘ofurov: «Durang uchun mas’uliyatni 100 foiz zimmamga olaman»

Eksklyuziv
7 noyabr, 11:00
G‘ofurov matbuot anjumanida qatnashdi.
Anvar G‘ofurov: «Durang uchun mas’uliyatni 100 foiz zimmamga olaman»
Фото: Сурхон ПФК

«Surxon» klubi safarda Superligani muddatidan oldin tark etgan «Mash’al»ga qarshi o‘ynadi va unda hisob ochilmadi – 0:0.

Bellashuvdan keyin «Surxon» bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov matbuot anjumanida qatnashdi.

— Assalomu alaykum! Bu yerda hech bir jamoa osonlikcha ochko qo‘lga kiritmagan. Buni oldindan bilardim va futbolchilarga ham yetkazishga harakat qilgandim. Chunki har bir uchrashuvda, raqib qaysi jamoa bo‘lishidan qat’i nazar, yaxshi shakllangan jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Ma’lum sabablarga ko‘ra, ko‘pchilik bu yerda g‘alaba qozonishi mumkin, ammo ishonch bilan ayta olamanki, hech kimga ochko olish oson bo‘lmagan.
«Mash’al» — ko‘p yillik tarixga, yaxshi shakllangan tizim va kuchli akademiyaga ega jamoa. Shuning uchun har bir raqibni hurmat qilish kerak. Hech kimdan qo‘rqmaslik lozim, lekin raqibga hurmat bilan qarash va buni maydonda ko‘rsata olish muhim. Har bir futbolchi professional bo‘lishi, har bir uchrashuvga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rishi va maydonga bor kuchini berish uchun tushishi kerak.

Afsuski, bugungi uchrashuvda vaziyatlar bo‘ldi, qiziqarli o‘yin kechdi. Ammo imkoniyatlardan unumli foydalana olmasak, juda qiyin bo‘ladi. Shunga qaramay, yigitlarga ishonaman va qayd etilgan durang uchun mas’uliyatni 100 foiz o‘z zimmamga olaman. Balki bu borada boshqacha gapirishim kerakdir, ammo umuman olganda, futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Shu bilan birga, raqib jamoani ham hurmat qilish kerak, chunki ular ham yaxshi futbolchilardan tarkib topgan.

Endi keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rib, o‘zimizga kerakli natijalarni qayd etishga harakat qilamiz. Tashrif buyurgan muxlislarga ham rahmat aytaman. O‘ylaymanki, keyingi o‘yinlarda g‘alabalar bilan ularni xursand qilishga harakat qilamiz.

— Anvar aka, bugungi durangdan qoniqdingizmi? O‘yinda taktik xatolarga yo‘l qo‘yildimi yoki futbolchilarning o‘zida nimadir yetishmadimi? G‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kamlik qildimi?

— O‘ylaymanki, har birimizning o‘z xatomiz bor. Bunday o‘yinlarda kim haqiqiy professional ekanini va kim oxirigacha professionallikni namoyon eta olmasligini natija ko‘rsatadi. Har bir futbolchi maydonga chiqib, o‘z vazifasini bajarishi kerak. Uning qiladigan ishi shu, bundan ortig‘i emas. Axir futbolchilar bir necha yildan buyon futbol bilan shug‘ullanib keladi, yoshligidan shu kasbni tanlagan. Shuning uchun har biri o‘z ishini bajarishi shart.

Bu — futbol. Ochig‘ini aytsam, mas’uliyatning 80–90 foizi mening zimmamda. Albatta, g‘alaba qozonishni istagandik va turnir jadvalida yuqoriroq o‘rinni egallashga harakat qilishimiz kerak edi. Ammo baribir hech kimga oson emas.

— Jamoada maoshlar kechikkani, futbolchilarga oylik pullari hali to‘liq berilmagani haqida xabarlar bor. Bu holat o‘yin sifatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatmoqda? Umuman, ushbu muammo hal etildimi?

— Albatta, bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Har bir futbolchining o‘z oilasi, orzu-umidlari bor. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, bunday vaziyatda o‘ynash juda qiyin. Uzoq vaqt davomida futbolchilarning ruhiyatini ko‘tarib turish ham oson emas. Maoshlar bilan bog‘liq masalalar biroz hal etilsa, ishlash ham yengillashadi.

Lekin bu bizning ishimiz emas. Baribir o‘z vazifamizni bajarishimiz kerak. Kelajagimiz va o‘zimiz uchun ishlashimiz lozim. Har bir futbolchining orzu-umidlari bor: kuchliroq jamoada o‘ynash, balki xorij klubiga transfer bo‘lish. Ammo bularning hech biri o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Har bir uchrashuvda o‘zingni isbotlashing, saviyangni ko‘rsatishing kerak. Faqat o‘z harakatlaring bilan maqsadingga erishishing mumkin.

— Mavsum davomida Davron Merganovning boshqa jamoaga o‘tishi haqida turli fikrlar bildirilmoqda. Bu borada sizda qanday ma’lumot bor?

— Hozir mish-mishlar ham, gap-so‘zlar ham ko‘p. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, ochig‘ini aytsam, ayni paytda bu masala meni qiziqtirmaydi. Hozir oldimizga qo‘yilgan vazifalar bor va shu ustida ishlashimiz kerak. Asosiy maqsadimiz — turnir jadvalida yuqoriroq o‘rinni egallash va muxlislarni xursand qilish. Bu aniq.
Qolgan mish-mishlarga kelsak, Messisiz ham «Barselona», Ronaldusiz ham «Real» bor. Shuning uchun kim ketadi, kim keladi — bu hozir muhim emas. Agar futbolchilarimizdan biri yaxshi, kuchli jamoaga o‘tsa, albatta, uning nomidan xursand bo‘laman.

— Behruz Shaydulovning jarohati qanchalik jiddiy?

— Hozircha biror narsa deyish qiyin. Ammo raqib futbolchisi bu harakatni ataylab qilmadi. Uning oyog‘i sirpanib ketdi va butun gavdasi bilan Behruzning oyog‘i ustiga tushdi. Jarohat qanchalik jiddiy ekanini tibbiy ko‘rikdan keyin aniq aytish mumkin», - deya G‘ofurovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Mashal Mashal
  • Surxon Surxon
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar