Live
52
O'zbek

Sergey Lushan: «Nihoyat, oʻz darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik»

Eksklyuziv
7 noyabr, 10:46
Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.
Sergey Lushan: «Nihoyat, oʻz darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik»
Фото: Машъал ПФК

Gʻuzorda boʻlib oʻtgan «Mashʼal» va «Surxon» klublari ishtirokidagi uchrashuvda hisob ochilmadi. Ushbu durangdan soʻng muborakliklar ustozi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.

— Nihoyat, darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik. Umuman olganda, oʻyindan, uning mazmunidan, ayniqsa, himoyadagi jamoaviy harakatlarimizdan qoniqdim. Biz futbolchilardan nimani talab qilgan boʻlsak, ular maydonda shuni bajarishdi. Bizda hali ham jiddiy muammolar bor. Bu muammolar hujumlarni yakunlash bosqichida koʻzga tashlanmoqda. Himoyadan hujumga oʻtish borasida biroz yaxshilandik, ammo aynan hujumlarning yakuniy bosqichida qiynalyapmiz. Yana bir bor taʼkidlayman, jamoaning oʻyinidan mamnunman. Agar natijadan qoniqmayotgan boʻlsam ham, hech boʻlmaganda, nihoyat himoyada oʻz darvozamizni daxlsiz saqlab qolganimizdan xursandman. Bugungi oʻyindan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu edi.

— Murtazoyev maydonga ancha kech tushirildi. Unda biror jarohat bormi yoki bu taktik qarormidi? Nega uni faqat uchrashuvning soʻnggi daqiqalarida maydonga tushirdingiz?

— Men shunday qarorga keldim. Ergashevning harakatlari meni toʻliq qoniqtiradi. Agar u kuchliroq oʻynasa, maydonga tushadi, aks holda zaxirada qoladi. Men uchun futbolchining familiyasi muhim emas. Qolaversa, biz yangi jamoa quryapmiz va asosiy eʼtiborimizni kelasi yilgi mavsumga qaratganmiz. Biz ishlaymizmi yoki boshqa murabbiylar ishlaydimi, baribir jamoa tarkibi 99 foizga yangilanadi. Rahbariyat oldimizga shunday vazifa qoʻygan: tarkibni toʻliq yangilash va imkon qadar oʻz tarbiyalanuvchilarimizdan iborat muayyan oʻzakni shakllantirish.

Albatta, faqat oʻz futbolchilarimiz bilan buni uddalay olmaymiz. Moliyalashtirish boʻlsa, tarkibni kuchaytirishimizga toʻgʻri keladi. Lekin hozir asosiy eʼtiborni oʻyin jarayoniga qaratyapmiz. Bizda shoshilinch vazifa yoʻq. Turnir jadvalidagi oʻrnimiz bizni mutlaqo tashvishga solmayapti. Shuning uchun yoshlarga imkon beryapmiz, ularni sinovdan oʻtkazyapmiz. Kimdir bu imkoniyatdan foydalanyapti, kimdir hozircha uddalay olmayapti. Ammo ertami-kechmi, ularning barchasi bu darajaga yetishadi, deb oʻylayman. Hozircha esa kuzatishda davom etyapmiz.
— Jamoaning bugungi ahvolga tushib qolishida, birinchi navbatda, iqtisodiy muammolar sabab boʻlgani aytilmoqda. Ikkinchi tomondan, «Mashʼal» oʻz maydonini talab darajasiga keltirmaguncha Superligada uy uchrashuvlarini oʻtkaza olmaydi. Buning uchun esa katta mablagʻ va homiy kerak. Futbolchilar jamoa oʻz maydonida oʻynay olmayotganini, maydonni taʼmirlash imkoniyati yoʻqligini bilgani ham ularning bu holatga tushib qolishiga sabab boʻldimi?

— Keling, avvalo, bir narsani tushunib olaylik: futbol — bu kasb. Agar sizga olti oy davomida maosh toʻlanmasa, birinchidan, maydonga tushib oʻynash istagi qolmaydi. Ikkinchidan, bu holatning boshqa sabablari ham bor.

Mening nazarimda, yil boshida yaxshi jamoa shakllantirilgan edi. Mavsumni ham yaxshi boshlagandik. Ammo pullar oʻz vaqtida toʻlanmagani sababli asosiy futbolchilardan bir nechtasi ariza yozib, jamoani tark etdi. Hozirgacha ularning FIFA orqali toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻlarini toʻlab kelyapmiz, lekin ular endi maydonga tushib berishmaydi. Natijada jamoa birinchi davraning oʻrtasiga kelib, amalda tarkibsiz qoldi. Mavsum davomida oʻynashi kerak boʻlgan asosiy futbolchilarning koʻpchiligi jamoada yoʻq edi.

Yana bir masala bor: murabbiy aybdormi yoki futbolchilarmi? Menimcha, bu yerda gap futbolchilar haqida ketishi kerak. Men ham futbolchi boʻlganman, shuning uchun baʼzi holatlarni umuman tushuna olmayman. Agar 11 nafar futbolchi ketma-ket magʻlub boʻlaversa, bu faqat murabbiyga bogʻliq masala emas. Bu, avvalo, futbolchilarga taalluqli savol. Axir qanday qilib 11 kishi shunday oʻyin koʻrsatishi mumkin? Koʻchadan oddiy odamlarni yigʻib kelib, maydonga tushirsangiz ham, ular hech boʻlmaganda bir oʻyinda darvozasidan gol oʻtkazmaslikka harakat qiladi. Hatto murabbiy­siz ham shunday qilish mumkin. Bu futbolchilarning ruhiy holatiga, ularning oʻynashni xohlashi yoki xohlamasligiga bogʻliq.

Albatta, bularning ortida moliyaviy ahvol turibdi. Men ham futbolchi boʻlganman. Oʻzimiz ham olti oy maosh olmagan paytlar boʻlgan. Shunday vaziyatda futbol oʻynashga ishtiyoq qolmaydi. Axir oilangiz, ikki nafar farzandingiz bor. Ularning ehtiyojlari, roʻzgʻor tashvishlari xayolingizdan ketmaydi. Bunday paytda qanday qilib futbol haqida, mashgʻulotlar haqida oʻylash mumkin?

Shuning uchun professional sportda, umuman, har qanday sohada moliyaviy barqarorlik juda muhim. Biz ham tirikchilik qilish, oilamizni boqish uchun pul topamiz. Qolaversa, futbolchining faoliyati qisqa — bor-yoʻgʻi 15 yil atrofida. Agar shu davrda pul topmasa, qachon topadi? Unda yaxshisi, darhol biznes bilan shugʻullangani maʼqul.
Umuman, bu masalada mayda-chuyda narsalar yoʻq. Moliyaviy barqarorlik, mehnat qobiliyati va mehnatsevarlik — bularning barchasi bir-biri bilan uzviy bogʻliq. Agar shu zanjirning bitta boʻgʻini uzilsa, ishlash juda qiyinlashadi. Fikrimni tushuntira oldim, deb oʻylayman.

— Mavsum yakuniga yaqinlashmoqda. Avvalgi intervyularingizdan birida «Mashʼal» tarkibida yana yosh futbolchilarga imkon berishingizni aytgandingiz. Mavsum oxiriga qadar U-21 tarkibidan Gʻofurov, Shomurodov, Valijonov, 2007-yilda tugʻilgan futbolchilar va boshqa yoshlarni Superligada koʻramizmi?

— Ha, albatta. Nega bunday boʻlayotganini bilmayman, lekin bizning asosiy muammomiz yoshlarni maydonga tushirishni xohlamasligimizda emas. Muammo shundaki, asosiy jamoa oʻyinidan bir kun oldin dubl ham uchrashuv oʻtkazadi. Bizning ixtiyorimizda esa jami 30 nafar futbolchi bor. Shuning uchun kimnidir 15 daqiqaga, boshqasini boshqa vaqtga tushirishga majburmiz.

Bundan tashqari, dubl jamoamiz ham oʻynayapti. Bir xil futbolchilar bilan ham asosiy jamoada, ham dubl­da oʻynay olmaymiz-ku. Shu sababli tarkibni turli pozitsiyalar boʻyicha oʻzgartirib turishga harakat qilamiz.

Masalan, hozir Bashnyak umuman oʻynamagan edi. Lekin uni asosiy jamoa qaydnomasiga kiritishga majbur boʻldik. Chunki kecha Gʻofurov ham, Shomurodov ham dubl uchun ikki taymdan oʻynadi. Endi ularni bugun qanday qilib maydonga tushiramiz? Biz robot emasmiz, futbolchilar ham shuncha yuklamani koʻtara olmaydi.

Bashnyakni dubl jamoasiga qoʻshish ham kulgili boʻlardi. U legioner sifatida kelgan, uning dubl­da oʻynashi ham toʻgʻri emas. Agar Moʻy­dinov almashtirishni soʻramaganida, Abdurahimovda imkoniyat boʻlardi. Hozir shunday variant ham bor edi. Lekin Abdurahimov hech qachon uch himoyachi bilan oʻynaydigan tizimda aynan shu pozitsiyada harakat qilmagan. Shuning uchun boshqa qaror qabul qildik.

Qisqasi, biz vaziyatdan kelib chiqib ishlayapmiz. Ertaga kim maydonga tushishini oldindan aniq belgilab qoʻyish imkonimiz yoʻq. Hozir kim oʻynashga tayyor boʻlsa, oʻshani maydonga tushiramiz.

Afsuski, vaziyat shunday. Bizda tarkibni oʻzgartirish va futbolchilarni tanlash imkoniyati cheklangan. Umid qilamanki, kelajakda moliyaviy imkoniyatlar paydo boʻladi, seleksiya ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Shunda, albatta, yoshlarga yanada koʻproq imkon beramiz.
Siz haqsiz, bizning asosiy tayanchimiz yoshlardan iborat. Har bir oʻyinda dubl jamoasi bahslarini kuzatishga boramiz. Buni shunchaki majburiyat sifatida emas, qiziqish bilan amalga oshiramiz.

Futbolchilarning harakatlarini qayd etib boramiz, ularni qaysi pozitsiyada sinab koʻrish mumkinligini oʻrganamiz. Yoshlar jamoasi murabbiyidan ham futbolchilarni turli pozitsiyalarda sinab koʻrishni soʻraymiz.

Ular hammasi biz bilan birga mashgʻulot oʻtkazishadi. Hozir esa yana biroz guruhlarga ajratdik. Chunki 34 nafar futbolchi bilan bir vaqtda mashgʻulot oʻtkazish oson emas. Shuning uchun ularni guruhlarga boʻlib, turli variantlarni sinab koʻryapmiz va kuzatyapmiz. Shunga qaramay, barchasi doimiy nazoratimizda», - deya Lushanning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar