«Andijon» va «Lokomotiv» (1:3) bellashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.
— Albatta, qo‘lga kiritilgan uch ochkodan juda xursandman. Andijonda o‘ynash har doim qiyin kechadi. Bu yerga yetib kelishning o‘zi ham oson emas. Bugungi o‘yinda, ayniqsa, gol urganimizdan keyin vaziyatni to‘g‘ri nazorat qila olganimiz yaxshi bo‘ldi. Raqib jamoa ham buning uchun tahsinga loyiq. Ular haqiqatan ham yaxshi harakat qilishdi.
- «Andijon» ko‘rsatgan o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Menga «Andijon»ning yil boshidan buyon qanday tarkib shakllantirgani, futbolchilarning harakati va o‘yini yoqdi. Balki ularga biroz omad yetishmayotgandir, lekin futbolda shunday mavsumlar ham bo‘ladi. Shunga qaramay, jamoaning harakatlari va o‘yin uslubi menda yaxshi taassurot qoldirdi.
Bu uchrashuv oldidan bizga oson bo‘lmasligini bilardik va shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. Chiroyli futbol bo‘lmasligini, kurashlarga boy o‘yin kechishini kutgandik. Maydon holati ham yuqori saviyadagi futbol namoyish etishga imkon bermaydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘z o‘yinimizga nimadir qo‘shishga harakat qilamiz. Futbolchilarimiz o‘yinni o‘qish borasida hali ko‘proq ishlashlari kerak. Jismoniy jihatdan esa ular yaxshi sportchilar. Biz boshqa jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Umuman olganda, bugungi kabi uchrashuvda g‘alaba qozonish yoqimli.
— Ivanovning goliga qanday baho berasiz?
— U bu ishning haqiqiy mutaxassisi. Bu yil bunday vaziyatlarda ko‘proq gol urishi kerak edi, deb o‘ylayman. Lekin uning yoshidagi futbolchi uchun standart vaziyatlarni bajarish mahorati juda yaxshi. Buni ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Uning texnikasi yuqori, mashg‘ulotlarda ham buning ustida ko‘p ishlaydi. Bugun bu mehnatining samarasini ko‘rganidan xursandman.
— Yaxshi o‘ynab turgan Bilol Tupliyevni nima uchun almashtirdingiz?
— Biz har bir o‘yinda hujum chizig‘idagi futbolchilarni almashtirish haqida o‘ylaymiz. Zamonaviy futbolda hujumchilar eng ko‘p mehnat qiladigan futbolchilar hisoblanadi. Ular to‘psiz holatda ham himoyada faol ishlashi, doimo ochilishi va raqibga muammo tug‘dirishi kerak. Shuning uchun ular ko‘p kuch sarflaydi. Jamoani yangilash, o‘yinga yangi kuch qo‘shish kerak bo‘lgan paytda aynan shu pozitsiyada o‘zgarish qilamiz.
— O‘zbekiston kubogi yarimfinalida ham «Andijon» jamoasiga qarshi maydonga tushasizlar. Ushbu uchrashuv oldidan qanday fikrdasiz?
— Bu kubok musobaqasi. Unda jamoaning chempionatdagi joriy holati yoki formasi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Kubokda bitta o‘yin hammasini hal qilishi mumkin. O‘sha kuni har qanday natija qayd etilishi ehtimoldan xoli emas. Biz «Andijon»ga yetarlicha hurmat bilan qaraymiz va ushbu uchrashuvga maksimal darajada jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.
Menimcha, o‘yin OKMK stadionida o‘tkaziladi. U yerda ham yaxshi maydon bor. Lekin federatsiya bunday o‘yinlarni nima uchun shunday maydonlarda o‘tkazishga ruxsat berayotgani tushunarsiz. Kubok yarimfinali chiroyli futbol namoyish etishga imkon beradigan maydonda o‘tkazilishi kerak. Bu jihatdan biroz afsusdaman», - deya Yelichichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.