«Qizilqum» klubi 27-turda o‘z maydonida «Navbahor»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘yindan keyin mezbonlar ustozi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
– Jamshid aka, bugungi o‘yin haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Bugun o‘yinning ikki bo‘limi bir-biridan ancha farq qildi. Birinchi bo‘limda rejamiz asosan qarshi hujumlar uyushtirishdan iborat edi. Afsuski, ayrim vaziyatlarda so‘nggi uzatmani amalga oshirish yetishmadi. Bugun futbolchilarimizning harakatidan mamnunman. Ular bor kuchlari bilan harakat qilishdi. Ko‘zlarida g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq ko‘rinib turdi. Buning uchun ularga katta rahmat aytmoqchiman.
Afsuski, bitta gol o‘tkazib yubordik. Bugun muxlislarimizni xursand qila olmadik. Keyingi uchrashuvga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rib, ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz.
– O‘yin davomida darvozabondan to‘pni uzoqqa tepish orqali hujum boshlashga harakat qildingiz. Biroq bunday uzatmalardan keyin to‘p uchun kurashda ko‘p hollarda raqib ustun keldi. Ikkinchi bo‘limda esa paslar orqali hujumga chiqishga ko‘proq e’tibor qaratdingiz. Bu taktik o‘zgarishning sababi nimada?
– Biz to‘pni paslar orqali himoya zonasidan hujum zonasiga olib chiqishga harakat qildik. Afsuski, ayrim vaziyatlarda buni amalga oshira olmadik, to‘p yo‘qotdik.
Birinchi bo‘limda havodagi to‘plar uchun kurashda ham, qaytgan to‘plarni egallashda ham raqibga yutqazdik. Ular ancha yuqori chiziqda harakat qilishdi va shu sababli uzatmalari ham manzilga yetib bordi.
Men himoyachilarimizga qisqa va o‘rta masofaga uzatmalar orqali o‘yinni boshlashni, uzoq paslardan kamroq foydalanishni aytdim. Chunki raqib tarkibida bo‘yi baland futbolchilar borligini bilardik. Havodagi kurashlarning deyarli barchasida yutqazdik, ikkinchi qavatdagi to‘plarni ham ular egallashdi.
Ikkinchi bo‘limda esa paslar orqali to‘pni nazorat qilishni boshladik va shu yo‘l bilan hujumga chiqishga harakat qildik. Qisqa va o‘rta masofaga uzatmalardan foydalanib, hujumlarni tashkil etishga urindik. Uzoq paslarni kamaytirishni futbolchilardan so‘radim.
– Men bu gaplarni tanqid sifatida aytmayapman, shunchaki o‘yindagi holatni tushunish uchun so‘rayapman.
– Men ham tanqid qilish kerak, demayapman. Tanqid masalasini o‘zim hal qilaman. Bizning o‘z tahlilimiz, nazariyamiz bor. Hozir ham bu haqda gapirishim mumkin.
Nima uchun doimo vaziyatga salbiy qaraysiz? Siz futbolga noto‘g‘ri nuqtayi nazardan qarayapsiz. Bizning fikrimiz boshqacha. Savollarni ham ba’zan noto‘g‘ri qo‘yyapsiz.
Futbolchilar harakat qilishdi. Jamoamiz imkoniyati darajasida borini berdi. Bizdan yuqori saviyadagi jamoalar ham borligi ko‘rinib turibdi. Endi men hozir o‘z futbolchilarimni qanday ayblay olaman?
Men uchun futbolchilarim har doim eng yaxshisi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Hatto mag‘lub bo‘lgan taqdirimizda ham, futbolchilarni ayblamayman. Jamoa yutqazgan bo‘lsa, demak, men yutqazdim. Chunki murabbiy sifatida nimanidir noto‘g‘ri qilgan bo‘lishim mumkin.
Albatta, ba’zida futbolchilar bilan xatolarni muhokama qilamiz, texnik xatolarni ko‘rsatamiz. Lekin hozir bu narsalarni muhokama qilishdan nima foyda?
– Bugun Javohirning yo‘qligi jamoa o‘yiniga ta’sir qildi. Uning katta o‘yinlarda, kuchli raqiblarga qarshi bahslardagi ahamiyati yana bir bor sezildi. Uning maydonda bo‘lmagani qanchalik bilindi?
– Ha, albatta, uning yo‘qligi sezildi. Bugun Javohir o‘ynay olmadi. U haqiqatan ham o‘z pozitsiyasida jamoaning yetakchilaridan biri. U shunchaki jamoa sardori emas, balki maydonda ko‘p jihatdan jamoaga yordam beradigan futbolchi.
Afsuski, diskvalifikatsiya sababli u bugun bizga yordam bera olmadi. Bundan tashqari, jarohat olgan futbolchilarimiz ham bor. Bu ham biz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
– Darvozabon Farhod Rahmatov haqida so‘ramoqchi edim. Bu mavsumda statistik ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yaxshi darvozabonlardan biri bo‘lib kelmoqda. Ammo bugun yaqin burchakdan yo‘l qo‘yilgan golda uning xatosi ham bordek ko‘rindi. Umuman, darvozabonlar masalasi haqida o‘ylayapsizmi yoki Farhod o‘zini yetarlicha isbotlaganmi?
– Hamma xato qiladi, har bir futbolchi adashishi mumkin. Bu golni ham darvozabonning xatosi deb aytish qiyin. Zarba futbolchilar orasidan berildi, Farhod to‘pni ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Chunki raqib futbolchisi uning ko‘rish chizig‘ini to‘sib turgandi, to‘p ustun yonidan o‘tdi.
Bunday holatlar darvozabonlarda ham uchrab turadi. Hujumchilar ham golli vaziyatlardan foydalana olmaydi. Futbolning o‘zi shunday: kim ko‘proq xato qilsa, o‘sha mag‘lub bo‘ladi. Bu yerda hech qanday muammo yo‘q.
Farhod Rahmatov so‘nggi uchrashuvlarda yaxshi harakat qildi, seyvl ar amalga oshirdi, darvozada ishonchli turdi. Lekin bunday vaziyatlar ham futbolning bir qismi.
– Har bir murabbiy va futbolchi maydonga g‘alaba qozonish uchun tushadi. Ammo raqibning imkoniyatlari va jamoalar o‘rtasidagi saviya farqi ham bor. Bugun «Navbahor» bilan o‘yinda ham shu jihatlar sezildimi?
– Biz har doim g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Har qanday murabbiy va futbolchi yutishni xohlaydi. Bu tabiiy holat. Biroq futbolchilarning saviyasi ham borligini unutmaslik kerak. «Navbahor» ham bekorga yuqori o‘rinlarda yurgani yo‘q. Ularning tarkibida o‘yin taqdirini hal qila oladigan mahoratli futbolchilar bor.
Bizning tarkibda ham yo‘qotishlar bor edi. Ularning yo‘qligi ham ta’sir ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsa-da, boshqa futbolchilarga ham imkoniyat berdik. O‘ylaymanki, bugun biz katta futbolni ko‘rsata olmadik, asosan qarshi hujumlar orqali o‘ynashga harakat qildik. Bu rejamiz ayrim jihatlarda amalga oshdi.
Keyingi uchrashuvlarga ham bugungidek tayyorgarlik ko‘ramiz. Chempionat hali tugamadi. OKMK, «Paxtakor» va «Bunyodkor»ga qarshi uchta uchrashuvimiz qolgan. Ularning har biriga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘ramiz.
Ko‘rib turibsiz, barcha jamoalar oxirigacha kurashmoqda. Hatto imkoniyatlari kamaygan jamoalar ham oxirigacha harakat qilishyapti. «Mash’al» ham shunday o‘ynayapti. Bu futbol. Har bir jamoa o‘z imkoniyati uchun kurashadi.
Bugun raqibda ko‘plab xavfli vaziyatlar bo‘lmadi. Ular bir-ikki marta darvozamizga zarba berishdi, bir vaziyatda to‘p to‘singa tegdi. Umuman olganda, jiddiy vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi. Lekin biz xatoga yo‘l qo‘ydik, raqibga zarba berish imkonini yaratdik va gol o‘tkazib yubordik.
Men doimo aytaman: maydonda futbolchilar harakat qiladi, biz esa chetdan turib kuzatamiz. Tashqaridan turib gapirish oson. Ammo maydonga tushib, 90 daqiqa davomida harakat qilishning o‘zi boshqa masala. Shuning uchun futbolchilarimni tushunaman. Ular qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishdi.
Hozir ularni aybdor qilishni istamayman. Jamoa mag‘lub bo‘ldimi, demak, murabbiy sifatida men nimanidir noto‘g‘ri qildim. Balki tayyorgarlikda, balki tarkib tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygandirman. Bu yerda ko‘plab omillar bor.
Agar hamma narsani oldindan bilganimda, balki bu yerda ishlamayotgan bo‘lardim. Futbolda maydonda millionlab harakatlar sodir bo‘ladi. Ularning har birini oldindan bilish yoki taxmin qilish imkonsiz. Bu futbolchilarning mahoratiga ham bog‘liq. Futbolchilarimga yana bir bor rahmat aytaman. Ular bor kuchini sarflashdi. Keyingi o‘yinga ham xuddi shunday tayyorgarlik ko‘ramiz», - deya Saidovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.