«Andijon» klubi yozgi transferlari qatorida iqtidorli hujumchi Rustam Turdimurodovni ham qo'lga kiritdi.
Ikki tomon bir-biriga begona emas. Turdimurodov aynan shu yerda o'ynagan holda tajribasini oshirib, o'z gollari bilan ko'zga tashlangan. Bir yildan keyin Rustam yanada kuchli futbolchi sifatida sobiq jamoasiga qaytdi.
Jamoa ham, muxlislar ham hujumchini xursandchilik bilan kutib oldilar. O'z navbatida futbolchi ham mamnuniyat bilan dastlabki intervyusini berdi.
- «Andijon» jamoasiga qaytganingiz bilan tabriklaymiz. Qaytishingizni jamoa muxlislari ham tabiiyki xursandchilik bilan qarshi olishdi. Yana bir bor «Andijon» a'zosiga aylanganingiz borasida qanday izoh bera olasiz?
- Assalomu alaykum. Xudo xohlasa, bu boshqacha qaytish bo'ldi. Baribir jamoa va bu muhit boshqa. Bu yerdagi fan-klub, muxlislar ham boshqacha.
- Bu taklif ustida ilk bor qachon eshitdingiz va sobiq jamoangizga o'tish jarayoni qanday yuz berdi?
- Dastlab bu ma'lumotni agentim tomonidan eshitdim. Yozgi transfer oynasi ochilganda shu xabar keldi. Albatta, oldimizda boshqa klublarning variantlari ham bor edi. Hammasini ko'rib chiqib, yakunda «Andijon»ga to'xtaldik.
- 2024 va 2025 yillgi mavsumlar davomida shu yerda o'ynagansiz. O'sha bir yarim yil mobaynidagi faoliyatingiz davomida yorqin lahzalar ham bo'lgan. Bu haqida o'ylaganingizda avvalo nima yodingizga tushadi?
- O'sha davrlardagi xayolimga keladigan birinchisi – bu «Andijon» tarkibida ilk bor tarix yaratganimiz. Farg'onada O'zbekiston Kubogini yuqoriga ko'targanimiz, Andijon ahlini xursand qilganimiz albatta esga keladi.
- Bir yildan keyin yana sobiq klubingizga qo'shildingiz. Qaytganingizdan keyin qanday o'zgarishlar e'tiboringizni tortyapti?
- Birinchi navbatda sharoit o'zgargan. Yangi baza, bu yerda hamma sharoitlar bor. Yangi mashg'ulot maydonlari, ichki muhit, qulay shart-sharoitlar yangilangan. Hammmasi ajoyib.
- Ikkinchi davra jamoa va siz uchun ham muhim. Muxlislarning barcha futbolchilar qatori sizdan ham umidi katta. Shunday ekan, ayni paytda motivatsiyaga to'lamisiz?
- Avvalo, «Andijon»ni tanlashimda agentim yordam berdi. Chunki bu yerda bo'lganman, o'ynaganman va «Andijon»ga yordam berish uchun keldik. Oldimizda 15-16 ta o'yin bor, maqsad qo'yganmizki, ko'proq gollar urib, yaxshi statistika qayd etib, jamoaga yordam berib, chempionlikka da'vogar bo'lish niyati bilan keldik. Xudo xohlasa, harakat qilamiz.
- Ikki yil muqaddam jamoa bilan Kubokni yutib tarix yaratgansizlar va unda siz ham qatnashgansiz. Bu safar sizda yana shu imkoniyat bor. Nimagaqi, klub Kubokdagi ishtirokini davom ettiryapti...
- Albatta, maqsadim oldingi yoqimli onlarni takrorlash va Kubokni yana bir bor boshimiz uzra ko'tarish.
- Jamoa safida nechta gol urishni mo'ljallayapsiz?
- Bu yil ko'proq gol urmoqchiman. Birinchi maqsadim 10 ta gol urish. Chunki oldingi o'ynagan paytlarimda 8-9 ta gol urgaman. Endi ko'proq urmoqchiman.
- «Andijon»ni oldinda «Neftchi»ga qarshi vodiy derbisi kutmoqda. Bo'lajak bahsdan nimalar kutyapsiz? Har holda «Bobur arena»da boshqacha muhit bo'ladi va siz ham bunday muhitni sog'ingansiz.
- Ko'p derbilarda bo'ldim. Baribir vodiy derbisi boshqacha. Bu yerda bo'lganimda ham o'ynaganman. Bu derbida faqat «Andijon» uchun, g'alaba uchun chiqamiz. Borimizni beramiz, o'yinga 100 foiz tayyorlanamiz va tayyor bo'lib chiqamiz.
- Muxlislar uchun nima deya olasiz?
- O'yinga kelib bizni qo'llab-quvvatlashlariga ishonaman, Xudo xohlasa, g'alabani birga nishonlashni tilab qolaman!
Rustam Turdimurodov: "Bu boshqacha qaytish bo'ldi"
Eksklyuziv
11 avgust, 10:49
Vodiy klubiga qaytgan hujumchi Tribuna.uz uchun intervyu berdi.
Фото: Андижон ПФК