Braziliya futboli afsonasi Ronaldo JCH-2026 oldidan milliy jamoaning imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Ikki karra jahon chempionining fikricha, Braziliya yana mundial g‘olibiga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
«Bizda dunyoning eng yaxshi futbolchilari va barcha davrlarning eng kuchli murabbiylaridan biri bor. Muxlislar ham muvaffaqiyatga ishonishlari kerak.
Yo‘l oson bo‘lmaydi, biroq imkonsiz ham emas. Biz buni besh marta uddalaganmiz va yana takrorlay olamiz», — dedi Ronaldo.
Afsonaviy hujumchi braziliyalik muxlislarning o‘ziga xos xarakteri haqida ham gapirdi.
«Oldingi besh chempionlikning hech birida braziliyaliklar chin dildan ishonmagan. Ular odatda g‘alabadan keyin bayram qilishni afzal ko‘rishadi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ronaldo Karlo Anchelottining Neymarni Jahon chempionati tarkibiga kiritish qarorini ham qo‘llab-quvvatladi.
«Anchelotti Neymarni tarkibga qo‘shib, juda to‘g‘ri qaror qabul qildi. U hal qiluvchi vaziyatlarda jamoaga yordam bera oladi. Neymar shunday iste’dod va dahoga egaki, biz usiz ishlay olmaymiz. Hatto maydonga 20 daqiqaga tushsa ham, o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin», — dedi braziliyalik afsona.
Ma’lumot uchun, Braziliya milliy jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Marokash, Haiti va Shotlandiyaga qarshi bahs olib boradi.