«Roma»ning sobiq yarimhimoyachisi Franchesko Totti 48 yoshida professional futbolga qaytish imkoniyatini ko‘rib chiqqanini ma’lum qildi. Italiyalik afsona bu haqda «Oltre» nomli yangi kitobida yozgan.
Tottining so‘zlariga ko‘ra, u «Jenoa» va «Komo» klublaridan kelib tushgan takliflarni rad etgan. Futbolchining ta’kidlashicha, jismoniy holati yana professional darajada o‘ynash imkonini bergan, biroq u uchun muhim savol boshqa masalada bo‘lgan.
«48 yoshimda «Jenoa» va «Komo»ga rad javobini berdim. Tanam futbolga qaytishga tayyor edi, ammo bir savolga javob berishim kerak edi: «Men «Roma»ga qarshi o‘ynashga tayyormanmi?» Ichimdagi javob aniq edi, shu sababli rad etdim», — deb yozgan Totti o‘z avtobiografiyasida.
Totti butun professional faoliyatini «Roma» safida o‘tkazgan. U Rim klubida 1993 yildan 2017 yilgacha to‘p tepgan.
Ma’lumot uchun, Totti «Roma» safida 785 ta bahsda maydonga tushib, 307 ta gol urgan va 205 ta golli uzatmani amalga oshirgan.