Angliyaning «Manchester Siti» klubi norvegiyalik hujumchi Erling Holandni yozgi transfer oynasida sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda El Nacional nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «shaharliklar» rahbariyati moliyaviy qoidabuzarliklar bilan bog‘liq mojaro va klub kelajagi atrofidagi noaniqlik sababli Holandning ehtimoliy ketishiga ko‘nikishga majbur bo‘lgan.
Qayd etilishicha, «Manchester Siti» 26 yoshli to‘purar uchun kamida 175 million yevro talab qilmoqchi. Ayni paytda futbolchiga «Real», «Barselona», «PSJ» va «Liverpul» klublari qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Holand ushbu mavsumda barcha musobaqalar doirasida 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Norvegiyalik hujumchi jamoaning asosiy to‘purarlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Futbolchining «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2034 yilgacha mo‘ljallangan. Shu bois, uning ehtimoliy transferi katta mablag‘ talab qilishi kutilmoqda.
Hozircha Holandning kelajagi borasida yakuniy qaror qabul qilinmagan.