2027/2028-yilgi mavsumdan boshlab UEFA Chempionlar Ligasida muhim o‘zgarish yuz beradi. Yevropaning eng nufuzli klublar turnirida Adidas kompaniyasi to‘plari o‘rnini Nike mahsulotlari egallaydi.
Bu haqda UEFA va Yevropa futbol klublari assotsiatsiyasi (EFC) tomonidan tashkil etilgan UC3 qo‘shma korxonasi ma’lum qildi.
Shu tariqa, UEFA va Adidas o‘rtasidagi 26 yillik hamkorlik 2027-yilda o‘z yakuniga yetadi. Amerikaning Nike kompaniyasi esa Chempionlar Ligasining yangi texnik hamkoriga aylanadi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 4 yilga mo‘ljallangan.
Natijada musobaqa o‘yinlarida foydalaniladigan to‘plarda Adidas kompaniyasining mashhur uch chiziqli belgisi o‘rniga Nike logotipi paydo bo‘ladi.
derbyderbyderby.it nashrining xabar berishicha, ushbu o‘zgarish faqat Chempionlar Ligasi bilan cheklanib qolmaydi. UEFA shafeligida o‘tkaziladigan boshqa musobaqalarda ham yangi texnik hamkor mahsulotlaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Shunday qilib, Yevropa futbolining eng mashhur musobaqalaridan birida chorak asrdan ortiq davom etgan hamkorlik davri yakunlanadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi