"Roma" hujumchi Artyom Dovbik bo‘yicha "Jenoa"ning taklifini rad etdi. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Genuya klubi ukrainalik hujumchi bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborishgandi. Futbolchi bilan "Jenoa" bosh murabbiyi Daniele De Rossi shaxsan suhbatlashgan. Shunga qaramay, "bo‘rilar" bu variantdan voz kechishdi.
Rim klubi kelajakdagi kelishuv uchun moliyaviy kafolatlar istamoqda. Gap shundaki, klub futbolchining shartnomasini sotib olish varianti bilan ijaraga berish tarafdori.
Qolaversa, "Roma" rahbariyati Artyomni ijaraga berganidan so‘ng uning maoshini o‘sha klub to‘lashini istamoqda.
O‘tgan mavsumda Dovbik "Roma" safida barcha turnirlarda 18 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urdi va 2 assistni qayd etdi.