Madridning «Real» klubi va Braziliya milliy jamoasi hujumchisi Endrik jamoada yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasa, klubdan ketish haqida o‘ylashi mumkin. Diario AS xabariga ko‘ra, 20 yoshli futbolchiga Italiya klubi «Roma» hamon qiziqish bildirmoqda.
Manbaga ko‘ra, «Roma» qishki transfer oynasida Endrikni ijara asosida tarkibiga qo‘shib olishga urinib ko‘rishi mumkin. Italiya klubi avval ham braziliyalik hujumchining xizmatlariga qiziqish bildirgan.
Endrikning «Real» bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan. Hujumchining transfer qiymati 40 mln yevroga baholanmoqda. Biroq futbolchining Madrid klubidagi kelajagi uning kelgusida qanchalik ko‘p maydonga tushishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, braziliyalik futbolchi ushbu mavsumda Ispaniya chempionatida hozircha 1 ta bahsda maydonga tushgan. U mazkur bahsda gol yoki golli uzatma bilan ajralib turmagan.
Eslatib o‘tamiz, Endrik 2024-yil yozida Braziliyaning «Palmeyras» klubidan «Real»ga ko‘chib o‘tgan.