Yangi mavsumga jiddiy hozirlik ko‘rayotgan va tarkibni kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotgan «Neftchi» klubi xorvatiyalik hujumchi Stipe Peritsa bilan shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi.
Stipe Peritsa 1995 yil 7 iyul kuni Xorvatiyaning Zadar shahrida tug‘ilgan. U futbolchilik faoliyatini 2012 yilda boshlagan. 2013 yildan buyon hujumchi Yevropaning bir qator taniqli klublarida to‘p tepgan.
Jumladan, u Angliyaning «Chelsi» va «Uotford», Italiyaning «Udineze» va «Frozinone», Turkiyaning «Qosimposho», Isroilning «Makkabi Tel-Aviv», Belgiyaning «Standard Lyej» hamda Ruminiyaning «Dinamo Buxarest» klublari safida o‘ynagan.
2013–2016 yillar davomida Stipe Peritsa Xorvatiyaning U-19, U-20 va U-21 yoshlar jamoalari sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u UEFA Konferensiyalar ligasi, Toto kubogi, Angliya Liga kubogi, Niderlandiya kubogi, Italiya kubogi va Belgiya kubogi musobaqalarida ishtirok etgan.
«Neftchi» klubi va farg‘onalik futbol muxlislari Stipe Peritsaning jamoa sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bildirmoqda.