«Manchester Siti» klubi yarimhimoyachi Elliot Anderson transferi bo‘yicha «Nottinghem Forest» bilan kelishuvga erishilganini rasman e'lon qildi.
23 yoshli futbolchi ayni paytda Angliya milliy jamoasi safida JCH-2026da ishtirok etmoqda. U Kanzas shahrida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Transfer bo‘yicha barcha rasmiy hujjatlar futbolchi Angliyaga qaytgach yakunlanadi.
Klub bayonotida shunday deyiladi: «Manchester Siti»dagilar Elliot va Angliya milliy jamoasiga JCH-2026dagi ishtirokida omad tilaydi hamda uni tez orada Manchesterda kutib olishni intiqlik bilan kutmoqda».
Eslatib o‘tamiz, Elliot Anderson «Nyukasl» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2024 yilda «Nottinghem Forest»ga 15 million funt evaziga ko‘chib o‘tgandi.
Ma'lumot uchun, o‘tgan mavsum Anderson APLda 38 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Insayderlar ma'lumotiga ko‘ra, transfer summasi 135 million yevroni tashkil etgan.