Live
2
O'zbek

Santi Kasorla 41 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi

Futbol
2 iyul, 08:26
Ispaniyalik afsonaviy yarimhimoyachi futbolchilik faoliyatiga rasman nuqta qo‘ydi.
Икром Рузимуродов
Ikrom Roʻzimurodov Editor
Santi Kasorla 41 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi
Foto: Getty Images

Ispaniyalik tajribali yarimhimoyachi Santi Kasorla professional futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma'lum qildi.

41 yoshli futbolchining «Real Oviedo» bilan shartnomasi 30 iyun kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Shundan so‘ng Kasorla hissiyotlarga boy xayrlashuv murojaatini e'lon qildi.

«Hayotda hamma narsa tugaydi, deb o‘ylaymiz. Ammo ayrim hikoyalar hech qachon yakunlanmaydi, ular shunchaki yana boshiga qaytadi. Mening hikoyam ham oddiy futbol maydonida, shunchaki futbol o‘ynashni orzu qilgan bola sifatida boshlangan edi.

Faoliyatim davomida unutilmas lahzalarni ham, og‘ir sinovlarni ham boshdan kechirdim. Lekin hech qachon taslim bo‘lmadim. Oxir-oqibat uyimga qaytdim va nima uchun futbolni sevib qolganimni yana bir bor his qildim.

Endi butsalarimni mixga ilaman. Hammasi sehr boshlangan joyda yakun topdi. Chunki ayrim hikoyalar tugamaydi, ular abadiy yashaydi», — dedi Kasorla.

Eslatib o‘tamiz, Santi Kasorla «Real Oviedo» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U faoliyati davomida «Vilyarreal», «Rekreativo», «Malaga», «Arsenal» va «As Sadd» klublari safida ham to‘p surgan.

Ma'lumot uchun, Kasorla «Arsenal» bilan Angliya Kubogi va Angliya Superkubogini uch martadan qo‘lga kiritgan. Ispaniya milliy jamoasi safida 81 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urgan hamda 2008 va 2012 yillarda Yevropa chempioniga aylangan.

Bugungi yangiliklar