Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionatining tijoriy huquqlaridagi ulushlarni xususiy investorlarga sotish rejasiga munosabat bildirdi.
Tashkilot bayonotida bunday yirik tashabbuslar faqat ochiqlik, samarali boshqaruv va barcha manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuv asosida amalga oshirilishi kerakligi qayd etildi.
«OFK jahon futboli kelajagini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq bunday miqyosdagi tashabbuslar samarali boshqaruv, shaffoflik va mazmunli maslahatlashuv tamoyillariga asoslanishi lozim.
Futbolning tijoriy va moliyaviy kelajagiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qarorlar konfederatsiyalar, milliy assotsiatsiyalar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan har tomonlama muhokama qilinishi zarur. Har bir tomon taklifni huquqiy, tijoriy va strategik jihatdan baholashi uchun yetarli vaqt va ma’lumotga ega bo‘lishi kerak», — deyiladi OFK bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA ham Infantinoning ushbu rejasini keskin tanqid qilib, FIFA futbolni sotishga haqli emasligini bildirgandi. Shuningdek, The Times nashri Infantino mazkur loyiha evaziga shaxsan o‘nlab million funt daromad olishi mumkinligi haqida xabar bergan.