«Shalke» «Napoli» yarimhimoyachisi Yesper Lindstryom transferini yakunlashga yaqin turibdi.
Sky Sport xabariga ko‘ra, klublar o‘rtasidagi muzokaralar ilg‘or bosqichga yetgan. 26 yoshli daniyalik futbolchi Gelsenkirxen klubiga ijara asosida qo‘shilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, avvalroq tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab transfer xavf ostida qolgan edi. Biroq Lindstryom allaqachon «Shalke» bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishgan va faoliyatini aynan ushbu klubda davom ettirishni istamoqda. U bosh murabbiy Miron Muslichning asosiy transfer maqsadi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Yesper Lindstryom 2023 yilda Frankfurtning «Ayntraxt» klubidan «Napoli»ga 30 million yevro evaziga o‘tgan. O‘tgan mavsumni u ijara asosida «Volfsburg» safida o‘tkazib, 15 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Transfermarkt futbolchini 4 million yevroga baholamoqda.