Oʻzbekiston milliy jamoasi 8 iyun kuni AQShning Nyu-York shahrida Niderlandiyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu bellashuv uchun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Niderlandiya milliy jamoasiga 300 ming dollar miqdorida mablagʻ toʻlanishi haqida asossiz xabarlar tarqalgan edi. UFA ushbu xabarlar yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.
«Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu ma'lumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini ma'lum qiladi. Mazkur oʻrtoqlik uchrashuvi uchun Niderlandiya futbol federatsiyasiga hech qanday mablagʻ toʻlanmaydi.
Uchrashuvni tashkil etish bilan bogʻliq stadion ijara, xavfsizlik, translyatsiya hamda boshqa tashkiliy xarajatlar esa tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq teng taqsimlanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi xalqaro oʻrtoqlik oʻyinlarini tashkil etishda oʻzaro manfaatli hamkorlik va amaldagi xalqaro tartiblar asosida ish olib boradi.
Shu munosabat bilan muxlislar, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillaridan yolgʻon axborotlarga ishonmasliklarini soʻraymiz», — deyiladi UFA xabarida.