Meksika milliy jamoasi darvozaboni Gilermo Ochoa 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi.
40 yoshli posbon mundial tarixida olti marta Jahon chempionatida ishtirok etgan ilk futbolchi sifatida tarixga kiradi.
Ochoa milliy jamoa safida 153 ta bahsda maydonga tushgan va ulardan 63 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
«Milliy jamoa masalasiga kelsak, bu qaror 100 foiz aniq. To‘xtash uchun ayni vaqt keldi. Mening ismim Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi buyuk futbolchilar qatorida tilga olinmoqda.
Klubdagi faoliyatim haqida esa hali o‘ylab ko‘rishim kerak. So‘nggi uch-to‘rt yil davomida ushbu Jahon chempionatida o‘ynash uchun juda ko‘p narsadan voz kechdim. Italiya, Portugaliya va Kiprda yolg‘iz yashadim. Oilam esa Madridda qolgan edi.
Qatardagi mundialdan keyin faoliyatimni yakunlash haqida o‘ylay boshlagandim. Bu oson bo‘lmaydi, ammo futbolni umrbod o‘ynab bo‘lmasligini yaxshi tushunaman», — dedi Ochoa.
Eslatib o‘tamiz, Gilermo Ochoa 2005 yildan buyon Meksika milliy jamoasi safida to‘p tepib kelmoqda va mamlakat futboli tarixidagi eng mashhur darvozabonlardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Meksika milliy jamoasi bugun start oladigan 2026 yilgi Jahon chempionatining ochilish bahsida Janubiy Afrika Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.