Live
3
O'zbek

«Nasaf»ning o‘yin sifati menga yoqadi» yoxud Ravshan Haydarov 27-tur oldidan qanday fikrda?

Eksklyuziv
5 noyabr, 04:11
Haydarov 27-tur oldidan klublarning imkoniyatlari xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Nasaf»ning o‘yin sifati menga yoqadi» yoxud Ravshan Haydarov 27-tur oldidan qanday fikrda?
Фото: ЎФА

5-8 noyabr kunlari Superliganing 27-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Bu FIFA kunlaridan avvalgi tur bo‘lib, shundan so‘ng chempionatimizda yana biroz tanaffus yuzaga keladi.

Shu bois klublar FIFA kunlariga yaxshi, g‘alabali kayfiyatda chiqib ketishga bor kuchi bilan harakat qilishadi. Qolaversa, har kimning o‘z maqsadi, rejasi bor va g‘alaba hammaga ham zarur.

Yurtimizdagi tajribali murabbiylardan biri, O‘zbekiston U23 jamoasi ustozi Ravshan Haydarov 27-tur oldidan klublarning imkoniyatlari xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

5 noyabr
18:30. Bunyodkor-Xorazm

- Ikkala jamoa ham jamoa jon saqlash uchun Superligada kurashyapti. O‘yin «Bunyodkor» maydonida o‘tishini hisobga olsak, ham «Neftchi»ga qarshi o‘yin qoldirilib, jamoa biroz dam olgan. Jarohatlangan futbolchilari tuzalib olgandir. Shu sababli ustunlik biroz «Bunyodkor»da bo‘ladi. Lekin ikkala jamoa kurashadi va qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Xavfli zonadan chiqib ketish uchun jamoalar harakat qiladilar. Tayyorgarlik ko‘rishda «Bunyodkor»da ko‘proq vaqt bo‘lgani uchun ularga biroz ustunlikni beraman. Imkoniyatlari 60\40.

6 noyabr
18:30. So‘g‘diyona-Dinamo

- Bunda ham xavfli zonada turgan klublar. «Dinamo» biroz teparoqda. Lekin «So‘g‘diyona» xavfli hudud atrofida. Oxirgi o‘yinda ochko yo‘qotishgan. «Dinamo»da jarohatlangan Hojimirzayev, Abdurahmonov kabi o‘yinchilari sog‘ayib safga qo‘shilishgan. «Dinamo» oxirgi g‘alabadan keyin yaxshi kayfiyatda maydonga tushadi. Qiziq o‘yin bo‘ladi. Bu yerda imkoniyatlar 50\50.

7 noyabr
16:00. Andijon-Lokomotiv

- «Andijon» oxirgi o‘yinda Namanganda yutqazdi. O‘z maydonida muxlislari oldida o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. Bu jamoa ham xavfli hududga yaqin. O‘ylaymanki, o‘yin va ochkolar ahamiyati yuqori. «Lokomotiv» eng barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan jamoalardan. Chiroyli, mazmunli o‘yin ko‘rsatishyapti. Lekin ishtiyoq bo‘yicha «Andijon»da yuqori bo‘ladi. Chunki o‘z ishqibozlari qarshisida o‘ynaydi. Imkoniyatlar bo‘yicha 60\40 «Andijon»ga ustunlik beraman.

16:15. Mash’al-Surxon

- «Mash’al» taqdirga tan berib, mavsumni tugatyapti. O‘ylaymanki, «Surxon»da imkoniyat ko‘proq. Bu jamoa oxirgi uchrashuvlarda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Jamoa chiroyli futbol namoyish qilmoqda. «Nasaf» bilan o‘yindagi durang ham «Surxon»ning hozirgi holati yaxshiligini ko‘rsatadi. 30\70 «Surxon» foydasiga.

18:30. Qizilqum-Navbahor

- «Navbahor»da medallar uchun kurash davom etyapti. Oxirgi o‘yinlarda g‘alabali seriyasini davom ettirishga harakat qilishmoqda, bu tushunarli. «Qizilqum» o‘z maydonida o‘ynaydi, mustahkam va natija uchun o‘ynay oladigan tarkib bor. Safarda yoki uyda bo‘lsin, shunday. Pragmatik jamoa bo‘lib qolgan. O‘ylaymanki, «Navbahor»ga oson bo‘lmaydi. Lekin, baribir namanganliklarning o‘yini va futbolchilarning saviyasi biroz ustunlik berishi mumkin. Shuning uchun ozgina ustunlik «Navbahor»da, 45\55.

8 noyabr
16:00. Neftchi-OKMK

- Farg‘onada katta bosim va OCHLda katta kuch sarflab o‘yinlarda qatnashmoqda. O‘yinchilarni bir xil saviyada ushlash «Neftchi»ning asosiy maqsadi bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, OKMKga qarshi oson o‘yin bo‘lmaydi. Albatta, chempionlik uchun «Paxtakor»ni yutib, bu qadamlarni davom ettirish borasida qattiq harakat qilishadi. Har bir yo‘qotilgan ochko oltinga teng bo‘ladi. Qiziq o‘yin kutyapman. OKMK ham yaxshi formaga kirib olgan. Uchrashuv oxirida o‘yinni kuchaytirishi bilan murabbiylarning taktik mahorati, futbolchilarning oxirigacha kurashishi bo‘yicha yana mavsum boshidagi OKMKni eslatyapti. Bu yerda imkoniyatlar 55\45. «Neftchi» uyida muxlislari oldida o‘ynashi evaziga biroz ustunlik ularda bo‘ladi.

16:00. Buxoro-Nasaf

- OCHLdagi o‘yinlar, safarga borib-kelishlar oson emas. «Nasaf» Quvaytda o‘ynab, yana qaytib kelib, Buxoroda o‘ynashi kerak. Murabbiylarni tushunaman. Lekin «Nasaf»ning o‘yin sifati menga yoqadi. Futbolchilar yaxshi o‘yin tashkil qilishadi. Avvalo, Quvaytdagi bellashuvdan keyin tiklanish qanday o‘tishiga ko‘p narsa bog‘liq. Buxorodagi maydon ko‘proq buxoroliklarga qulay. Chunki «Nasaf» yaxshi maydonlarda chiroyli futbol ko‘rsatadi. Lekin Buxorodagi maydonda qiynaladi, shekilli. Shu bois imkoniyatlar 50\50. «Buxoro»da maydon holati, «Nasaf»da charchoq bo‘yicha biroz ustunlik bo‘lishi mumkin. Balki raqib jamoa futbolchilarining mahorati bo‘yicha balki o‘sha 50 foiz saqlanib qolishiga sabab bor.

18:15. Paxtakor-Qo‘qon-1912

- «Paxtakor» «Neftchi»ga yutqazgandan keyin va OCHLdagi ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng «Paxtakor» o‘z muxlislari oldida, «Neftchi»ning uzoqqa ketib qolmasligi yo‘lida baribir harakat qiladi. «Qo‘qon-1912» ham ochkolar olishga harakat qilib o‘ynaydi. Ular ham xavfli hududda. Oson bo‘lmaydi. Biroq «Paxtakor» futbolchilarining mahorati yuqoriligi sababli imkoniyatlar 70\30.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar