«Manchester Yunayted» «Galatasaroy» hujumchisi Viktor Osimhenning transferi bo‘yicha hozircha futbolchi vakillari bilan bog‘lanmagan. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Avvalroq ingliz klubi nigeriyalik hujumchiga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq manbaga ko‘ra, «qizil iblislar» hozircha bu borada hech qanday muzokara olib bormagan.
Shuningdek, 27 yoshli futbolchining qishki transfer oynasida Istanbul klubini tark etishi ehtimoli past. Biroq Osimhen ushbu mavsum yakunlanganidan keyin transfer uchun ochiq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Osimhen ushbu mavsumda barcha musobaqalarda 11 ta bahsda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Transfermarkt portali nigeriyalik hujumchining transfer qiymatini 65 mln yevroga baholamoqda. «Manchester Yunayted» 28 noyabr kuni APLning navbatdagi turida «Brentford»ni qabul qiladi.