Marokash va Senegal o‘rtasida 2025 yilgi Afrika Millatlar kubogi finali g‘olibini aniqlash bo‘yicha huquqiy tortishuvlar davom etmoqda. Yaqin vaqt ichida Sport arbitraj sudi (CAS) ushbu bahs yuzasidan qaror chiqarishi kutilayotgandi. Biroq hozir Marokash vakillari Senegal tomonini sud jarayoniga tayinlangan yuristlar bilan taqiqlangan aloqada bo‘lganlikda ayblamoqda.
RMC Sport ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ishni ko‘rib chiqish uchun tayinlangan uch nafar CAS yuristidan biri arafada Senegal futbol federatsiyasi rahbari bilan shaxsan telefon orqali muloqot qilgan. Reglamentga binoan, ishda qatnashayotgan tomonlarga sud jarayonidan tashqarida mazkur ishga tayinlangan yuristlar bilan har qanday aloqada bo‘lish taqiqlanadi.
Shu sababli Marokash tomoni telefon muloqoti yuzasidan Senegal ustidan shikoyat kiritishi mumkin. Nashr Senegal futbol federatsiyasi bilan bog‘liq bir nechta manbaga murojaat qilgan, biroq ularning hech biri bunday telefon suhbati bo‘lganini tasdiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, mojaro Afrika Millatlar kubogi finalining 90+9-daqiqasida hakam Jan-Jak Ngambo Ndala Marokash foydasiga penalti belgilaganidan so‘ng boshlangan. Bunga norozilik sifatida Senegal milliy jamoasi futbolchilari maydonni tark etgan. Tanaffus 15 daqiqadan ko‘proq davom etgan. Keyinchalik jamoa sardori Sadio Mane sheriklarini maydonga qaytishga ko‘ndirgan.
Marokash vingeri Brayim Dias 90+23-daqiqada penaltini «panenka» uslubida tepgan, biroq Senegal darvozaboni Eduar Mendi zarbani qaytargan. Qo‘shimcha bo‘limlarda Senegal yarimhimoyachisi Pap Geye gol urgan.
Ma’lumot uchun, 2026 yil mart oyida Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) apellyatsiya qo‘mitasi Senegal milliy jamoasiga texnik mag‘lubiyat (0:3) yozib, chempionlik unvonini Marokashga topshirgan edi. Hozirgi huquqiy tortishuvlar ushbu qaror bilan bog‘liq.