The Times nashri FIFAning Jahon chempionati va tashkilot tasarrufidagi boshqa turnirlarning tijoriy huquqlarini bir qismini xususiy investorlarga topshirish rejasi tafsilotlarini e’lon qildi. Keng jamoatchilikning tanqidlaridan so‘ng ushbu loyihadan voz kechilgan.
Gap FIFA Forward Enterprise (FFE) loyihasi haqida bormoqda. Uning asosiy maqsadi FIFA turnirlarining, jumladan, Jahon chempionatining tijoriy huquqlarini qisman xususiy investorlarga topshirish edi. Iyul oyida loyiha bo‘yicha 25 sahifalik hujjat ma’lum bo‘lgan. Uni avval Yevropa Superligasining muvaffaqiyatsiz loyihasida ham ishtirok etgan Amerikaning JP Morgan banki tayyorlagan.
Rejaga ko‘ra, yangi kompaniyaning 20 foiz aksiyasini amerikalik investor Joshua Kushnerga sotish ko‘zda tutilgan. FIFA esa FFE aksiyalarining kamida 50 foizini o‘zida saqlab qolishi kerak edi. Manbaga ko‘ra, investorlar turnirlardan 96 yil davomida daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin edi. Dastlabki kelishuv 12 yillik huquqlar davrini nazarda tutgan. Shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilmagan taqdirda, ushbu muddat keyingi davrlar uchun uzaytirilishi mumkin edi.
FFE tashkil etilganidan sakkiz yil o‘tib, kompaniya aksiyalarini fond birjasiga chiqarish (IPO) ham rejalashtirilgan. Bu direktorlar va aksiyadorlarga o‘z ulushlarini sotish hamda foyda olish imkonini berishi kerak edi. Bundan tashqari, FFE rahbariyatiga kompaniya foydasining 5 foizigacha miqdorda haq to‘lash ko‘zda tutilgan.
Loyihaning boshqaruv tuzilmasi ham batafsil ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, FFE direktorlar kengashi yetti kishidan iborat bo‘lishi kerak edi. Kengashga FIFA prezidenti Janni Infantino raislik qilishi, shuningdek, unga hal qiluvchi ovoz berish huquqi taqdim etilishi rejalashtirilgan. FIFA bosh kotibi ham direktorlar kengashidan joy olishi lozim edi.