«Manchester Yunayted» yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh transfer bozorida talabga ega futbolchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, 32 yoshli portugaliyalik futbolchining xizmatlariga Yevropa va Saudiya Arabistonining bir qator klublari qiziqish bildirmoqda. Ular orasida Turinning «Yuventus» klubi ham bor.
Qayd etilishicha, Fernandesh uchun tovon puli 65 mln yevroni tashkil qiladi. Agar ushbu summa to‘langan taqdirda, futbolchining «Manchester Yunayted»dagi faoliyati yakunlanishi mumkin.
Brunu Fernandesh 2020-yil yanvaridan buyon «qizil iblislar» safida o‘ynamoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.
Portugaliyalik yarimhimoyachi ushbu mavsumda APLning 5 ta bahsida maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ma’lumot uchun, Fernandesh «Manchester Yunayted»ga 2020-yilda «Sporting»dan ko‘chib o‘tgan va shundan buyon jamoaning asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi.