«Manchester Yunayted» «Bryugge»ning chap qanot himoyachisi Xoakin Seysning o‘yinini kuzatishda davom etmoqda. TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, 21 yoshli futbolchi mankunianliklar skautlar bo‘limida ijobiy taassurot qoldirgan va klubning nomzodlar ro‘yxatidan joy olgan.
Manbaga ko‘ra, «Manchester Yunayted» Seysni Lyuk Shouga muqobil variant sifatida ko‘rib chiqmoqda. Ingliz klubi avvalroq ushbu pozitsiyani kuchaytirish uchun Lyuis Xoll va Natanyel Braunni asosiy nomzodlar qatoriga kiritgan edi.
Seys ushbu mavsum barcha turnirlarda 9 ta bahsda maydonga tushib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Himoyachi «Bryugge»ning hujumlariga faol qo‘shilayotgani bilan ham e’tibor qozonmoqda.
Ma’lumot uchun, futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Seysning transfer qiymati 20 million yevroga baholanmoqda.