Bugun
36
O'zbek

“Mourinioni «Real”ga qaytarish toʻgʻri qaror boʻldi» — Modrich sobiq ustozi haqida

Futbol
4 sentabr, 05:54
    15+
Madrid klubi sobiq yarimhimoyachisi intervyuda Jozeni hurmat qilishini, undan minnatdorligini aytdi
“Mourinioni «Real”ga qaytarish toʻgʻri qaror boʻldi» — Modrich sobiq ustozi haqida
Foto: Getty Images

“Real”ning sobiq yarimhimoyachisi Luka Modrich Joze Mourinioni Madrid klubi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida fikr bildirdi.

— Sizningcha, Mourinio muxlislar juda sogʻingan raqobat ruhini qaytara oladimi?

— Ha, shubhasiz. Ilk oʻyinlardanoq bu boshqa “Madrid” ekani koʻrinib turibdi — raqiblarni qoʻrqitadigan va menga yoqadigan “Madrid”. Menimcha, Mourinioni tayinlash klubning juda toʻgʻri qarori boʻldi — jamoaning holati va boshqa omillarni hisobga olganda, bu lavozim uchun eng yaxshi variant.

U klubni yaxshi biladi, u gʻolib, xarakteri ham nihoyatda kuchli. Jozega alohida mehr va hurmat bilan qarayman, chunki aynan u meni klubga olib kelgan. Bu esa mening “Real”ga oʻtishimda eng muhim omil boʻlgan. U klubga: “Menga shu futbolchi kerak, boshqasi kerakmas”
, — degan.

— Bu masalada u juda qatʼiy boʻlgan ekan!

— Shuning uchun men “Real”ga kelganman. Muzokaralar qanday kechganini hisobga olsak, balki u boʻlmaganida klub shuncha murakkabliklardan keyin muzokaralarni toʻxtatgan boʻlardi. Unga juda katta mehr va hurmat bilan qarayman. Faqat bir narsadan afsuslanaman — u bilan uzoqroq ishlay olmaganman.

— Atigi bir yil...

— Ha, ammo shu bir yil davomida juda koʻp narsani oʻrgandim: oʻz ishingni yanada yaxshiroq bajarish, kurashish, bor kuchingni ishga solish... Uning oʻyinlarga tayyorgarlik jarayoniga yondashuvi aqlbovar qilmas darajada edi. Maydonga tushganingda nima sodir boʻlishini aniq bilarding.

Menimcha, u — eng yaxshi variant va “Madrid” muxlislariga koʻp quvonch ulashadi. “Real” barcha musobaqalarda xavfli raqib boʻladi. Mourinio — men uchun alohida inson, chunki u meni jamoaga olib kelish uchun kurashgan — bunday narsa unutilmaydi. Men u uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilishga tayyorman. Garchi hozir deyarli gaplashmasak-da, baʼzida xabar almashib turamiz va unga doimo eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.

Menimcha, u toʻgʻri joyda, chunki dunyoning eng yaxshi klubida ishlayapti va futbol tarixidagi eng buyuk murabbiylardan biri. U raqiblarda qoʻrquv uygʻotadi.


— Odamlar Mourinio kelganidan keyin “Barselona” uchun ancha qiyin boʻladi, vaziyat oʻzgaradi, deb oʻylashyapti...

— Albatta. Ammo “Madrid” hech qachon boshqalar nima qilayotganiga qaramasligi kerak, faqat oʻzini oʻylashi lozim. “Barselona” uning asosiy raqibi boʻlishi mumkin, ammo “Real” oʻz ishlariga eʼtibor qaratishi kerak — boshqalar “Madrid”dan xavotir olsin, aksincha, emas.

Har doim shunday boʻlgan, hech boʻlmaganda mening davrimda va undan ancha oldin ham. “Real”ning buyukligi ham aynan shunda,
— deydi Modrich AS nashri bilan intervyuda.

Avvalroq xorvatiyalik 40 yoshli futbolchining Krishtianu Ronaldu haqidagi fikrlari berilgandi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Real Madrid Real Madrid
  • Ispaniya La Ligasi Ispaniya La Ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

15+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar