«Inter Mayami»ning argentinalik hujumchisi Lionel Messi «Nyuells Old Boys»ga qaytish bo‘yicha muzokaralar olib bormayapti.
39 yoshli futbolchining 2027 yil yanvar oyida o‘z vatanidagi klubga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarni mashhur insayder Fabritsio Romano rad etdi.
Manbaga ko‘ra, Messi «Inter Mayami»dagi faoliyatidan to‘liq mamnun. Uning oilasi ham AQShda o‘zini qulay his qilmoqda. Argentinalik futbolchi amaldagi shartnomasini kamida 2028 yil oxirigacha bajarish niyatida. Shuningdek, u ushbu muddatdan keyin ham futbolchilik faoliyatini davom ettirish ehtimolini istisno etmayapti.
Avvalroq Argentina ommaviy axborot vositalarida “Oltin toʻp”ning sakkiz karra sohibi 2027 yil yanvar oyidayoq “Nyuells Old Boys”ga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Messi futbolchilik faoliyatini boshlagan Rosario shahri klubi uni jamoaga taklif qilish ustida ish olib borayotgani aytilgandi.
Biroq Romano hozirda transfer bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib borilmayotganini ta’kidladi. Hujumchi kelajagi borasidagi qarorni keyinroq qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Messi 2025 yil oktabr oyida «Inter Mayami» bilan shartnomasini 2028 yilgi mavsum oxirigacha uzaytirgandi. U AQSh klubida 2023 yil yozidan buyon to‘p tepmoqda.
Messi «Nyuells Old Boys»ga qaytmoqchi emas — Romano
Futbol
30 oktabr, 04:45
12
Insayder argentinalik hujumchining vataniga qaytishi haqidagi xabarlarni rad etdi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi