Bugun
33
O'zbek

Bahodir Ahmedov — Oʻzbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyi

Futbol
30 oktabr, 01:20
    16
Sogʻligʻi tufayli jamoa bilan xayrlashgan Mendesning oʻrnini oʻzbek futzali afsonasi egalladi.
Bahodir Ahmedov — Oʻzbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyi
Foto: UFF

Oʻzbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi qaroriga muvofiq, Bahodir Ahmedov Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.

«Ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes sogʻligʻi sababli lavozimidan ketganidan soʻng, federatsiya tomonidan milliy jamoa bosh murabbiyligiga bir qator mahalliy va xorijlik nomzodlar koʻrib chiqildi. Yakunda milliy futzalimizni ichidan yaxshi biladigan, uning rivojiga katta hissa qoʻshgan va xalqaro maydonlarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilgan mutaxassis — Bahodir Yoʻldosheboyevich Ahmedov nomzodi maʼqullandi.

Bahodir Ahmedov 1976-yil 9-sentabrda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tugʻilgan. Futzalchilik faoliyatini ushbu sport turi mamlakatimizga kirib kelgan ilk yillarda Chirchiq shahrining «Splav», «Elektrokimyosanoat» va «Soliqchi» jamoalarida boshlagan. Keyinchalik «Yunusobod» DJKA, «Ardus» hamda «Stroitel Zarafshon» klublarida toʻp tepgan va mamlakat chempioni boʻlgan.

Murabbiy sifatida ham Ahmedov salmoqli natijalarga erishgan. «Maksam-Chirchiq» jamoasini chempionat sovrindorlari qatoriga olib chiqqan, «Jizzax-Kenteks» bilan esa Oʻzbekiston chempionligiga sazovor boʻlgan. Shuningdek, koʻplab iqtidorli futzalchilarning kamol topishida muhim oʻrin tutgan.

Bahodir Ahmedov milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida avval ham faoliyat yuritgan. Uning boshchiligida Oʻzbekiston milliy jamoasi Osiyo kubogida ikki marta bronza medallarini qoʻlga kiritgan. 2021-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etib, guruh bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan va pley-offda oʻynagan.

Bahodir Ahmedov bilan Oʻzbekiston milliy jamoasini 2028-yilgi Osiyo chempionatining yakuniga qadar boshqarishi boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyini keng futzal jamoatchiligiga tanishtirish marosimi vaqti va manzili haqida qoʻshimcha maʼlumot beramiz.

Ahmedovga yangi masʼuliyatli vazifada omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz!»
— deb yozadi OʻFF matbuot xizmati.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

16 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar